Bozorlarda sarxil mahsulotlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar dehqon bozorlarini tartibga solish, sanitariya holatini yaxshilash, asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxini barqaror saqlashni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi asosida poytaxtimiz bozorlarida Navro‘z yarmarkalari davom etmoqda.
Toshkent shahar hokimligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyalari tizimidagi korxonalar hamkorligida tashkil etilgan yarmarkalarda kundalik ro‘zg‘or uchun kerakli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda xarid qilish mumkin.
– Dehqon bozorimizga o‘ttizga yaqin mahalliy korxona va tashkilot tomonidan peshma-pesh mahsulotlar yetkazib berilmoqda, – deydi “Oloy dehqon bozori” direktori o‘rinbosari Boymurod Meliyev. – Kartoshka, piyoz, sarxil mevalar, kolbasa mahsulotlari, sharbatlar aholiga manzur. Bank plastik kartalari orqali savdo yo‘lga qo‘yilgani xaridorlarga qulaylik tug‘dirmoqda.
– Tez-tez bozorga tushib turaman, – deydi xaridor Lola Shodmonova. – Savdo yarmarkalari bozordagi to‘kinlikni yanada oshirib, darmondorilarga boy mahsulotlarni uzluksiz xarid qilishimizda qo‘l kelmoqda. Bularning barchasi xalqimiz turmush farovonligiga xizmat qilayotir.
“Elga xizmat” sho‘ba korxonalari, fermerlar, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari ham yarmarkalarga munosib hissa qo‘shmoqda.