Bozordagi import mahsulotlari qanchalik sifatli?
Bugungi kunda bozorlarimizga belgilangan me’yor talablariga nomuvofiq, sifatsiz va soxtalashtirilgan mahsulotlarni chetdan kirib kelish holatlari aniqlanmoqda.
Bugungi kunda bozorlarimizga belgilangan me’yor talablariga nomuvofiq, sifatsiz va soxtalashtirilgan mahsulotlarni chetdan kirib kelish holatlari aniqlanmoqda. Faqat 2017-2018 yillar davrida jismoniy va yuridik shaxslardan “O‘zstandart” agentligiga 277 dan ortiq, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga esa 3 mingdan ortiq mahsulot sifati ustidan shikoyat murojaatlari kelib tushgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “O‘zstandart” agentligiga mahsulot sifati bo‘yicha 20 dan ortiq shikoyat murojaatlari kelib tushdi.
2018 yilda mahsulotlarni sertifikatlashtirishni amalga oshirish borasida 52,5 milliard so‘m miqdordagi mahsulotlarning texnik reglamentlar talablariga va import mahsulot standartlarining majburiy talablariga nomuvofiqligi aniqlangan. (Ularning aksariyati XXRda ishlab chiqilgan elektrotexnik va mashinasozlik mahsulotlari va oziq-ovqatlar).
Joriy yilning 8 oyi natijalariga ko‘ra, import mahsulotlarini sertifikatlashtirish jarayonida jami miqdori 2,9 milliard so‘m bo‘lgan 14 turdagi mahsulot bo‘yicha 20 holatlarda belgilangan me’yorlarga nomuvofiqligi aniqlangan. Ular orasida Rossiyadan keltirilgan yashil no‘xat, Qozog‘istondan olib kelingan “Skumbriya” baliq konserva mahsulotlari sifatsizligi sabab, yurtimizga kiritilmagan.
Mazkur malumotlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Aholi salomatligini muhofaza qilishda import mahsulotlar sifatiga e’tibor qaratish: mahalliy mahsulotlarning hamyonbopligi va aholi talablariga mosligini iste’molchilarga tushuntirish” mavzusida o‘tgan matbuot anjumanida keltirildi.