Bo‘zatovda iqtidorlilar jamlanadi
«Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi!» shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan «Respublika yoshlar ovozi» festivalining hududiy kasting bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida kasting yakunlanib, so‘nggi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan ishtirokchilar aniqlanayapti.
Ilk marotaba tashkil etilayotgan festivaldan yoshlar nimalarni kutmoqda?
Zulfiya nomidagi davlat mukofotining bu yilgi sovrindori Gulsanam Orazboyeva festivalni intiqlik bilan kutmoqda. U mamlakatimizning chekka-chekka hududlaridan o‘zi singari iste’dodli tengdoshlari bir joyga jam bo‘lishidan mamnun. Ayniqsa, Bo‘zatov tumanida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarni ular ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini istaydi.
Prezidentimizning tashabbusi amalga oshirilayotgan mazkur festivalda 6 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘z mahoratlarini ko‘rsatmoqda.
Festivalda yoshlar uch yo‘nalishda, ya’ni «baxshichilik va an’anaviy ijro», «opera» va «estrada» yo‘nalishlarida yosh toifalari bo‘yicha ishtirok etayotir. Kastingda talabgorlar jonli ijroda chiqish qilib, o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rmoqda.
Kastingda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar ikki xil usulda ariza berishlari mumkin. Birinchisi @reg_tanlovbot orqali onlayn ariza to‘ldirish yoki kasting o‘tkaziladigan kunda jonli tarzda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati bor.
Aytish kerakki, tanlovda xolislik va haqqoniyligini ta’minlash maqsadida nomzodlarning chiqishlari to‘liq tasvirga olinmoqda. Tanlov natijalari kasting yakunlangan kunning ertasi kuni ma’lum bo‘ladi.
Festivalning yakuniy bosqichi va gala-konserti iyun oyining boshida Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar ro‘yxatidan o‘rin olgan yoshlar yosh toifasidan qat’iy nazar pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi. Ya’ni, har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin egasi 25 million so‘m va uchinchi o‘rinni egallagan iqtidor egasi 15 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritadi.
Shahlo Abdusaidova,
«Respublika yoshlar ovozi» festivali media shtabi a’zosi
O‘zA