Boysunda olma sayli boshlandi
Bugun maftunkor tog‘lar qo‘ynidagi Boysun tumanida “Olma sayli” festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 24 apreldagi “Republikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora–tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan festival bayramona ruxda bezatilgan “Yoshlar bog‘i”da turfa olma mevalari, milliy taomlar va milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi bilan boshlandi.


Mutaxassislarning aytishicha, keyingi yillarda mamlakatimizda sarxil meva yetishtirish uchun katta imkoniyat va qulay muhit yaratilgani, bog‘dorchilikning intensiv usullari keng joriy etilayotgani boysunlik sohibkorlarning sohaga qiziqish va intilishini yanada oshirdi. Ayni paytda tog‘li tumanda yuzga yaqin fermer, tadbirkor va dehqon xo‘jaligining 624 gektar olma bog‘i mavjud. Joriy yilda bog‘bonlar 248 gektar hosilga kirgan olmazordan olti ming tonnadan ortiq meva terib–yig‘ib oldi. Olma parvarishlashda mahalliy hududga xos tajriba to‘plangan tumanda azaldan Boysun navli sersuv va shirin olma parvarishlangan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda Krepson, Simirenko, Golden, Karlik kabi ko‘plab turdagi serhosil olma navlarini parvarishlashga ham e’tibor kuchaydi. Ayniqsa, purviqor tog‘larga tutashib ketgan Duoba, Xo‘jaidod, O‘rmonchi, Machay, Darband, Avlod kabi mahallalarda yetishtirilgan olmalar mo’tadil quyosh nuriga to‘yingan va servitaminligi, xaridorgirligi bilan mamlakatimizdan tashqarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.


Surxondaryo viloyat va tuman hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbir janubdagi viloyatning turizm salohiyatini xorijiy hamda mahalliy sayyohlarga keng namoyish etib, agroturizmni targ‘ib qilish, olma yetishtirish, uning eksportini yanada rivojlantirish, sohibkorlarning tog‘li hududlarda olma parvarishlash va yetishtirishdagi yutuq hamda boy tajribasini ommalashtirishga qaratilgan.


Festival yakunida olma yetishtirishda “Eng faol mahalla”, “Eng faol tashkilot”, “Eng shirin olma bog‘i yaratuvchisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Estrada va folklor jamoalarining qiziqarli konsert dasturi namoyish etiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri