Boysunda jadid bobolar jasorati yodga olindi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi faollari hududlarda bo‘lib, “Jadidlar– yangi hayot kuychilari” mavzusiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etmoqda.
Boysun tumanidagi 57-maktabda bo‘lib o‘tgan ana shu mavzudagi tadbirda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Xo‘jaqulov, ta’lim muassasasi direktori Shuhrat Farmonov va boshqalar jadidchilik harakatining paydo bo‘lishi, harakatning maqsadlari, orzu-intilish hamda jasoratlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Jadid bobolarimizning hozirgi yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularning hayotini chuqur o‘rganishning Vatanga muhabbat, ilm-fan va adabiyotga qiziqishni oshirishdagi o‘rni to‘g‘risida so‘z yuritildi.



– Taraqqiyparvar jadid bobolarimiz safida yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohasining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari bo‘lgan, – deydi Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi Normahmad Sharipov. – Ular yurtni obod va o‘z Vatanlarini mustaqil ko‘rishni orzu qilib, shu yo‘lda kurashdi. Xalqni asriy qoloqlikdan uyg‘otishga, siyosiy-ma’rifiy bilimlarini oshirishga intildi. Yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish, qobiliyatli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish, turli ma’rifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish, gazeta-jurnallar chop etish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish kabi g‘oyalarni ilgari surdi.



Tadbirda mamlakatimizda jadidchilik tarixini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Shakuriy), Ajziy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Majid Qori Qodiriy, Ubaydullaxo‘ja kabi taraqqiyparvar ajdodlarimizning jaholatga qarshi kurashish, millat sha’nini himoya qilish singari orzu-intilishlari xususida ham fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. O‘quvchi-yoshlarning jadidchilik harakati aks etgan ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri