Boysunda eng abjir chavandozlar yig‘ildi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida o‘tkazilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi, to‘y-u tantanalarimiz bezagi bo‘lgan uloq-ko‘pkari musobaqasi ham tashkil etildi.
Dashtig‘oz qishlog‘i hududidagi adirlikda bo‘lib o‘tgan shiddatli bellashuvda yurtimizning eng chapdast chavandozlari qatnashib, qiziqarli ko‘ngilochar tomoshalarni tuhfa etdi. Kuchli, epchil, otlarining chopqirligi bilan chavandozlar muxlislariga o‘zgacha zavq-u shavq ulashdi.
Adirlikda to‘dadagi chavandozlar uloqni yerdan ko‘tarib olib, tortishib, eng kuchlilari belgilangan marraga olib keldi. O‘yinning halol o‘tishini tajribali bakovullar kuzatib bordi.
Eng qadimiy va qiziqarli sport o‘yinlarimizdan biri bo‘lgan uloq-ko‘pkari musobaqasiga sovrin sifatida qo‘yilgan nor tuyalarni surxondaryolik chavandozlar, jumladan, sho‘rchilik Odil chavandoz, bandixonlik Jumanazar chavandoz, termizlik Behzod chavandoz, qumqo‘rg‘onlik Husniddin chavandozlar qo‘lga kiritdi. Shuningdek, chaqqon va epchil 22 chavandoz ot, ho‘kiz, qo‘y, sarka, televizor kabi zotlarga egalik qildi.
Uloq-ko‘pkari musobaqasida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yuzdan ortiq chavandoz o‘z mahorati, epchilligi, dovyurakligi va otlarining chopqirligini namoyish etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri