Boysun yanada ko‘rkam go‘shaga aylanmoqda
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Boysun tumanining Chilonzor mahallasidagi “Boysun” davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli ko‘chatxonaning bo‘sh maydonlarida “yashil” belbog‘ barpo etilmoqda.
Boysun Surxondaryo viloyatining yashillikka burkangan, xushmanzara tumanlaridan biri. Tabiat go‘zal archazorlar barpo etgan baland tog‘lar qo‘ynidagi bog‘larda turli mevali daraxtlar parvarishlanadi. Aholi tomorqalari va ko‘chalar yoqalarida bo‘y ko‘rsatib turgan mevali, manzaralari daraxtlar, turfa gullar maftunkor tog‘li tumanga o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi.

Mamlakatimizda umummilliy harakatga aylangan “Yashil makon” loyihasi Boysun tumanini ham yanada ko‘rkam, yanada fayzli hududga aylantirmoqda. Bo‘sh turgan maydonlar va qir-adirlarda o‘zlashtirilayotgan yerlarga ham mevali, manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, yangi bog‘-rog‘lar barpo etilmoqda.

“Boysun” davlat o‘rmon xo‘jaligi ko‘chatxonasining tanlab olingan maydonidagi ikki gektar yerda tashkil etilayotgan “yashil” belbog‘ hududiga 1 ming 500 tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chati o‘tqaziladi. Ish boshlangan dastlabki kunda bu yerga ezgu niyatlar bilan qariyb ming tup ko‘chat qadaldi.

Mutaxassislarning aytishicha, tumanda ko‘chat o‘tqazish belgilangan maydonlarning tuproq unumdorligi va sug‘orish tizimiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Chilonzor mahallasida barpo etilayotgan “yashil” belbog‘dagi turli daraxt ko‘chatlarini daryo suvidan sug‘orish ko‘zda tutilgan.


Boysunliklar loyihaning kuzgi mavsumida tanlab olingan maydonlarga 335 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chati ekishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri