“Boysun bahori” uchun sherobodlik oshpazlar tomonidan maxsus ulkan tandir yasaldi
Xabaringiz bor bir necha kundan so‘ng “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga start beriladi. Ushbu olamshumul bayramning har bir lahzasi tarixga muhrlanadi.
Joriy yilning 1-7-may kunlari o‘tadigan festivalda 40 dan ortiq davlatdan 100 dan ziyod folklor jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda.
Ishtirokchilar unda asriy an’analar, qo‘li gul hunarmand, usta kulollar ishidan bahramand bo‘lish barobarida mahorat darslarini oladi, birgalikda gilam to‘qishi, kulolchilik buyumini yasashi, san’at asarini yaratishi mumkin.
Shu bilan birga, festival uchun sherobodlik oshpazlar tomonidan maxsus ulkan tandir yasaldi. Uning bo‘yi ikki yarim, eni esa uch metr, aylana diametri esa 12 metr kvadratni tashkil etib, bir vaqtning o‘zida 10-15 ta butun qo‘y go‘shtini pishirish mumkin.
Tandir maxsus g‘ishtlar bilan pishiq va mustahkam qilib yasalgan. Oshpazlar unda tandir go‘shtni sifatli tayyorlashi uchun olov issiqligining teng taqsimlanishiga e’tibor qaratishadi. Bu esa o‘z-o‘zidan go‘shtning sersuv va xushxo‘r bo‘lib pishishini ta’minlaydi.
Festivalda mashhur oshpazlar ushbu bahaybat tandirda pishirgan go‘shtni ishtirokchilarga tortiq etadi.
“Boysun bahori” shunchaki folklor festivali emas, balki, o‘tmish va bugunni bog‘lovchi manzil. Sehrli ohanglar, dilga xush yoquvchi musiqa hamda lazzatli taomlar va hunarmandlar mahorati qalbda o‘chmas iz qoldiradi.
Ushbu betakror go‘zalliklardan bahramand bo‘lish uchun barchaga imkoniyat berilgan. Unda bir umrlik unutilmas xotiralar yaraladi.
Nargiza RAHMATULLAEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA