Boyovutlik paxtakorlar rejani to‘ldirdi
Qishloq xo‘jaligida, xususan, pilla yetishtirish, g‘allachilik va paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan Boyovut tumani dehqonlari bugun paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejasini muvaffaqiyatli bajardi.
Joriy yil hosili uchun tumandagi 320 ta fermer xo‘jaligining 11 ming gektar maydonida g‘o‘za parvarishlandi. Natijada “BOYOVUT TECHNO CLUSTER” MCHJ paxta qabul qilish maskaniga jami 40 ming 218 tonnadan ziyod hosil topshirildi.


– Yuqori hosildorlikning muhim jihatlardan biri, ekin yerlari meliorativ holatining yaxshilanishi hamda tuproq - iqlim sharoitiga mos navlarning tanlanganidir, – deydi Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza Urolova. – Joriy yilda tumanimizda g‘o‘zaning “Sulton” va “S-65” kabi istiqbolli navlari ekildi. Yetishtirilgan xomashyoni o‘z muddatida sifatli yig‘ishtirib olish maqsadida shakllantirilgan 125 ta terim otryadi, ularga biriktirilgan o‘n mingdan ziyod fermer xo‘jaligi a’zolari, ko‘ngilli terimchilar va ko‘plab fidoyilar ulkan xirmonni barpo etishda shijoat hamda mehnatsevarlik namoyon etishdi.

Dalalarda hali hosil mo‘l. Boyovutliklar har bir quyoshli kundan unumli foydalanib, yurtimiz xirmoni yanada bo‘y cho‘zishi uchun astoydil mehnat qilishmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri