Boyovutda eksportchi korxonalar salohiyati ortmoqda
Sirdaryo viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi bu hududlarda eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalar faoliyatiga ko‘maklashib, ularning mavjud muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
bugungi kunda Boyovut tumanining Madaniyat mahallasi hududida joylashgan «STELLA MODA» MCHJ tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bilan samarali shug‘ullanadi.
Korxonada 400 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Yillik 3,5-4,0 mln. dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Asosiysi, ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda.

Bu kabi korxonalarga ko‘plab yengillik va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 maydagi “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining bir qismini Eksportni rag‘batlantirish agentligi kompensatsiya qilishi belgilangan. «STELLA MODA» MCHJ ham belgilangan imtiyozlardan unumli foydalanmoqda. Ya’ni, bugungi kunda agentlik tomonidan korxonaga transport xarajatlarining bir qismi – 26 million so‘m mablag‘ qoplab berildi. Shuningdek, korxonaning eksport faoliyatida to‘langan 1 056,0 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplab berilishida mutasaddilar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Tumanda umumiy qiymati 315,0 milliard so‘m bo‘lgan ip-kalava ishlab chiqaruvchi “BOYOVUT COTTON TEXTILE” MCHJ faoliyatining birinchi bosqichida 300 nafardan ortiq ayollar va yoshlar mehnat qilmoqda. 5,8 gektar maydonda qad rostlagan korxona to‘la quvvatda ishga tushgandan so‘ng 450-500 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi. Korxona yillik o‘rtacha 6-7 million dollarlik tovar eksport qilish salohiyatiga ega bo‘lib, yiliga 20 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash evaziga 15 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqaradi. Shundan qariyb 7,5 ming tonnasi chuqur qayta ishlangan ip-kalava hisoblanadi. Chuqur qayta ishlangan ip-kalava mahsulotining tan narxi yuqori bo‘lib, bugungi kun holatiga jahon bozorlarida o‘rtacha 7 dollar atrofida sotilmoqda. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Turkiya davlatiga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi Eksport salohiyatini oshirish bo‘limi ko‘magi bilan mazkur korxona O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan onlayn savdo platformasida ishtirok etib, o‘z mahsulotini Xitoyga sotish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA