Botir Zaripov maktab bitiruvchilariga oq yo‘l tiladi
Bugun, Buxoro viloyatining 536 ta umumta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkillashtirildi.
Viloyatda 24 ming 625 nafar o‘quvchi maktabni bitirmoqda.
Buxoro shahridagi 2-umumta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri o‘tkazildi. Unda shahardagi sektorlar rahbarlari va ota-onalar qatnashdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.


Bu yil ushbu maskanni 185 nafar o‘g‘il-qiz tamomladi. Bitiruvchilarni davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, ulardan yanada samarali foydalanishga chaqirdi. Ularga oq yo‘l tiladi.
Tadbirda bitiruvchilar ta’lim-tarbiya bergan ustozlari ishonchini oqlashga va’da berdi.
O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarni raqsga chorladi. Maktab uzra yangragan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” dillarga zavq ulashdi.

Zarif Komilov, O‘zA