Botir Zaripov bemorlar holidan xabar oldi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali hamda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bemorlar holidan xabar oldi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali 90 qatnovga mo‘ljallangan. 143 statsionar shifo o‘rni mavjud. Markazda yordamchi bo‘limlardan klinik laboratoriya, patomorfologiya, funksional diagnostika (FGDS, kolonoskopiya, bronxoskopiya, UTT, EKG) nurli diagnostika, rentgen-radiologiya, ichki dorixona bo‘limi va zararsizlantirish xonalari faoliyat yuritmoqda.
Markaz filialida oldin bajarilmagan diagnostik torakoskopiya, prostata bezi o‘smalarini trepan biopsiyasi, kontrastli MSKT angiografiya tekshiruv usullari yo‘lga qo‘yilgan. Avval amaliyotda qo‘llanilmagan viloyat darajasidagi 17 turdagi, respublika darajasidagi 8 turdagi murakkab operativ davo usullari bajarilmoqda. Natijada oxirgi 3 yilda bajarilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni 600 taga yaqinlashgan.
Filialda 2018 yilda 18 o‘ringa mo‘ljallangan neyroonkologiya va rekonstruktiv xirurgiya bo‘limi tashkil qilingan. Ushbu yo‘nalishdagi bo‘lim respublikamizdagi boshqa onkologiya markazlarida yo‘q. Neyroonkologiya va rekonstruktiv-plastik mikroxirurgiya bo‘limida bosh miya va orqa miya o‘smalari bilan kasallangan 300 dan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatildi. Yo‘lga qo‘yilgan jarrohlik amaliyotlari natijasida xirurgik bo‘limlarda operativ faollik 20 foizdan 46 foizga oshdi. Xavfli o‘smalar bo‘yicha umumiy operatsiyalar soni 2016 yilda 804 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 1 ming 233 taga yetdi.
Davlat rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa asosan joriy yil barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalari 13 ta statsionar va 2 ta ko‘chma zamonaviy mammograf apparatlari bilan ta’minlandi. Mammograf apparatlari test rejimida ish faoliyatini boshladi. Ayni vaqtga qadar 1 ming 835 nafar ayollar skrining tekshiruvidan o‘tdi. Shundan 105 nafarida rak oldi kasalligi, 18 nafarida ko‘krak sut bezi xavfli o‘smasi kasalligi aniqlandi. Natijada aniqlangan kasallik bo‘yicha barchasi nazoratga olindi. Yil yakuniga qadar 50 mingga yaqin ayol skrining tekshiruvidan o‘tishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi shifoxonada davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdi. Sovg‘a-salomlar ulashildi. Muassasa shifokorlari bilan muloqotda ko‘rsatkichlarni kamaytirish maqsadida bemorlarga yanada qulay sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida esa 20 o‘rinli bolalar onkogematologiya bo‘limi joylashgan. bugungi kunda mazkur bo‘limda yiliga 1000 dan ortiq bemor bolalar 10 turdagi onkogematologik kasalliklar nozologiyasi bilan davolanib chiqmoqda. Bo‘lim Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi (RIGIATM) va viloyatdagi barcha tuman tibbiyot birlashmalari vrach gematologlari bilan uzviy bog‘liqlikda faoliyat yuritadi.
Markaz onkogematologiya bo‘limida murojaat qiluvchi bemor bolalarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida navbatsiz qabul qilinib, barcha tekshiruvlar davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Botir Zaripov mazkur bo‘limda davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalariga davlatimiz rahbari nomidan sovg‘alar topshirdi.
Zarif Komilov,
O‘zA