Bosniya hamda Chexiya terma jamoalari Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Italiya esa yana mundialsiz qolmoqda
Italiya yana mundialda ishtirok etmaydi.
Jahon chempionatiga UEFA tomonidan o‘ynalgan so‘nggi yo‘llanma egalari nomi ham ma’lum bo‘ldi. Bosniya va Gersogovina hamda Chexiya penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, mundial yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Chexiya 2:2 Daniya (pen 3:1)
So‘nggi yillarda mundiallarda ko‘rinish bermayotgan Chexiya terma jamoasi nihoyat Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ularga bu yo‘ldagi so‘nggi raqib Daniya terma jamoasi bo‘ldi. Uchrashuvning 3-daqiqasidayoq Sulch hisobni ochib, Chexiyani oldinga olib chiqdi. 72-daqiqaga kelib Yoakim Anderson muvozanatni tikladi. Asosiy vaqt shu ko‘rinishda yakunlandi va qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi. 100-daqiqada Kreji gol urdi va yana mezbonlar oldinga o‘tib oldi. Biroq oradan 11 daqiqa o‘tib, Hog javob golini urib, hisobni tenglashtirdi. G‘olib nomi esa penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Futbol lotereyasida esa Chexiya futbolchilar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, mundial chiptasiga ega chiqdi. Endi ular Jahon chempionatining "A" guruhida Janubiy Afrika, Janubiy Koreya va mezbon Meksikaga qarshi bahs olib boradi.
Bosniya va Gersogovina 1:1 Italiya (pen 4:1)
2014-yilda Jahon chempionatidagi debyutini amalga oshirib, so‘ngra umuman saralashning so‘nggi bosqichiga ham yetib kela olmay kelayotgan Bosniya bu safar ushbu vazifani uddaladi. Jennaro Gattuzo shogirdlari es yana mundialsiz qoladigan bo‘ldi. Bellashuvning 15-daqiqasida Moyze Kin gol urib, italyanlarni hisobda oldinga olib chiqdi va hammasi oson tugaydigandek ko‘rina boshladi. Biroq uchrashuvning 41-daqiqasida mehmonlar himoyachisi Alesandro Bastoni qizil kartochka bilan jazolandi va maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng, o‘yinda to‘liq ustunlik Bosniya tomoniga o‘tib ketdi. Bahsning 79-daqiqasiga kelib, mezbonlar futbolchisi Haris Tabakovich muvozanatni tikladi 1:1. shbu hisob asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda ham o‘zgarmadi va g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Seriyada esa mezbonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mundialda ular "B" guruhida Kanada, Qatar va Shveysariya bilan kurash olib boradi.