Boshqird davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik o‘rnatildi
Mamlakatimizda turkiy davlatlar bilan aloqa yangi bosqichga ko‘tarilgani sir emas. Ayniqsa, bu davlat siyosati darajasiga chiqayotgani yurtimiz kelajagining mustahkam va barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Negaki, tili, madaniyati va qadriyatlari yaqin bo‘lgan millatlarning do‘stligi jahon maydonida keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Davlatimiz rahbarining ana shunday tashabbusi va sa’y-harakatlarining amaliy ifodasi o‘laroq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida M.Akmulla nomidagi Boshqird davlat pedagogika universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni rivojlantirish, turkologiya yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish hamda akademik almashinuv imkoniyatlarini mustahkamlashdan iborat.
Uchrashuv davomida ikki universitet faoliyati, ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar, avvalo, turkologiya yo‘nalishida ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, turkiy xalqlar tillari, adabiyoti va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Muloqot chog‘ida ToshDO‘TAUning xorijiy hamkorlar bilan olib borayotgan ishlari, universitet huzurida faoliyat yuritayotgan “O‘zbek maktabi” faoliyati hamda o‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, Boshqird davlat pedagogika universitetida faoliyat yuritayotgan O‘zbek tili va madaniyati markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning ta’limiy va madaniy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Boshqird davlat pedagogika universitetida “Uzachademy” platformasi asosida o‘zbek tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur loyiha joriy yilning sentabr oyidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u o‘zbek tilini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tomonlar professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar uchun akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy konferensiyalar, seminarlar va ma’ruzalar tashkil etish, ilmiy nashrlar tayyorlash hamda turkologiya sohasidagi istiqbolli tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan ham fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda M.Akmulla nomidagi Boshqird davlat pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, akademik hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda turkiy dunyo oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi integratsion jarayonlarni yanada rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA