Boshqarma mas’ullari diktant yozdi
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xodimlarining savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida diktant yozdirildi.
– Davlat tilini o‘rganish va o‘rgatishda o‘qituvchi va o‘quvchilarga avvalo, o‘zimiz namuna bo‘lishimiz zarur, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid G‘oziyev. – Shu sababli boshqarma xodimlari uchun ommaviy diktant yozish tadbiri uyushtirildi. Bu xodimlarning davlat tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini, imloviy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, mazkur tashabbus orqali davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish hamda o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Diktant yozish tadbirlarini tuman, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari xodimlari o‘rtasida ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Muhimi, bunday sa’y-harakatlar faqat o‘zbek tili bayrami arafasida emas, muntazam tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lardi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri