Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun seminar
Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan o‘quv dasturi darsliklarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun o‘quv seminar tashkil etildi.
Ma’lumki, boshlang‘ich ta’lim o‘qitish jarayonining muhim bo‘g‘inlaridan sanaladi. Zero, o‘quvchining bilim olishga ishtiyoqi, qiziqishi ta’limning aynan shu bosqichida shakllanadi.

Seminarda ta’kidlanganidek, o‘qituvchining obro‘-e’tibori avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tibori sanaladi. Shu bois keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha keng qamrovli yangilanish jarayonlari kechmoqda.
Yurtimizda pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilgani, ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani bugun o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, 2022-2026 yillarda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilindi. Shu bilan birga maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha Milliy kengash va uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston tarixida birinchi marta boshlang‘ich sinflarda fanlarni o‘zlashtirish darajasini aniqlaydigan nufuzli xalqaro baholash dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa ta’lim sifatini ta’minlashda muhim omil sanaladi.

O‘quv treninglar boshlag‘ich sinf o‘qituvchilar uchun tashkil etilgan bo‘lib, unda ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan o‘quv dasturlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha har bir fan kesimida kasbiy rivojlanish darslari bo‘lib o‘tmoqda.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, seminarlarda Respublikamiz bo‘ylab 300 nafar pedagoglar ishtirok etmoqda.

N.Usmonova, O‘zA