Boshlang‘ich tayyorgarlik muhim bosqich
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatida o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbi va ongiga ushbu konstitutsion burch mohiyatini chuqur singdirish, ularni o‘zi tug‘ilib o‘sgan, ota-bobolarining xoki yotgan, ertaga farzandlari kamol topadigan tuproqning har bir qarichini aziz vamuqaddas bilish, himoya qilishga tayyor shaxs etib kamol toptirish, bir so‘z bilan aytganda, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadi ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda.
Bu mamlakatimiz o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yoshlarni chaqiruvga tayyorlash, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari zamon talablari darajasida o‘qitilishiga alohida e’tibor qaratilayotganida ham o‘z ifodasini topayotir. Zero, yoshlarning intellektual va jismoniy jihatdan Vatanning haqiqiy himoyachisi bo‘lib kamol topishida boshlang‘ich tayyorgarlik alohida ahamiyat kasb etadi.
Namangan viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tizimida yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash bo‘yicha mahalliy Kengashlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
– Boshqarma tizimidagi ta’lim muassasalarida yoshlar bilan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlik ishlari O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi yoshlarini harbiy xizmatga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori va vazirliklar bilan kelishilgan nizomga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Namangan viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassisi Xurshidbek Mahmudov. – Barcha kollej va litseylarda yuqoridagi qonun va davlat ta’lim standartlari talablari asosida boshlang‘ich harbiy ta’lim samaradorligini oshirib borish uchun zarur sharoit yaratilgan.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti qoshidagi 1-akademik litseyda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor. Mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ta’lim olayotgan o‘quv dargohida 677 o‘quvchi, jumladan, 275 qiz harbiy ta’lim asoslaridan saboq olmoqda. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha o‘g‘il bolalarga 140, qizlarga tibbiy bilimlar asoslari fanidan 70 soatlik mashg‘ulotlar o‘tilayotir.
– O‘quv yurtimizda yoshlarga boshlang‘ich harbiy ta’lim asoslarini o‘qitishning moddiy-texnik bazasi, ilmiy-intellektual salohiyati davr talabi darajasida shakllantirilgan, – deydi 1-akademik litseyning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari, zaxiradagi katta leytenant Muhammadjon Mamajonov. – Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, favqulodda vaziyatlar va tibbiy bilimlar asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha uchta o‘quv xonasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa zarur vositalar bilan jihozlangan. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida yaratilgan slaydlar, ovozli disklar, ko‘rgazmali vositalar, darslik va qo‘llanmalar, zamonaviy qurollar hamda boshqa texnik vositalarning maketlari o‘quvchilar bilimi va ko‘nikmasini oshirishga xizmat qilmoqda. Stadion, sport zali, to‘siqlar yo‘lagi, havo miltig‘idan o‘q otish xonasi va boshqa ko‘plab inshootlar bo‘lajak Vatan himoyachilari ixtiyorida.
Litseyda davlat ta’lim standartlari va maxsus dasturlar asosidagi fan mashg‘ulotlaridan tashqari, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, sport o‘yinlari o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari chaqiriluvchilarning baquvvat, sog‘lom, ma’rifiy tadbirlar esa ma’naviy barkamol ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda. O‘quv yili yakunida tuman, shahar mudofaa ishlari bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bitiruvchi yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik kursi bo‘yicha o‘quv-dala mashg‘uloti yig‘inlari bo‘lajak Vatan himoyachilariga boshlang‘ich harbiy ta’lim asoslari bo‘yicha olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkonini berayotir.
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami oldidan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Harbiy vatanparvarlik oyligi”da O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari, taniqli olim, shoir va yozuvchilar, faxriylar ishtirokida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Har tomonlama yetuk askar va ofitserlar, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilarni jalb etgan holda ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan “Milliy armiyamiz – g‘ururimiz, iftixorimiz”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Vatan himoyasi – muqaddas burch”, “Tinchlik uchun kurashmoq kerak”, “Harbiy xizmat – mardlik, chiniqish, toblanish maktabi”, “Ona yurtni mard o‘g‘lonlar qo‘riqlaydi” va “Ofitserlik – mardlar kasbi” kabi mavzulardagi davra suhbatlari, “Yosh chegarachilar”, “Yosh qutqaruvchi”harbiy sport musobaqalari o‘quvchi-yoshlarning ma’naviy va jismoniy kamolotida muhim o‘rin tutmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi 108 kasb-hunar kolleji va 10 akademik litseyda 93 mingdan ziyod 2- va 3-bosqich o‘quvchilari, jumladan, 44 mingga yaqin qizlarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tilmoqda. Yigit-qizlarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan saboq berayotgan mutaxassis va zaxiradagi ofitser pedagoglar faoliyatining asosiy mezoni har bir o‘quvchi qalbiga harbiy burch sadoqatini singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.