Boshchorbog‘ning olmalaridan yesangiz, ta’mi og‘zingizda qoladi
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Boshchorbog‘ hududi Surxondaryo viloyati bilan chegaradosh. Qorli tog‘lar bag‘rida joylashgan ushbu manzillar, shirin suvli buloqlarga boyligi, musaffo havosi, so‘lim tabiati bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Ayniqsa, bu o‘lkalarda yetishtirilgan o‘zgacha ta’mli, sersuv olmalar butun dunyoga mashhur. Ayni kunlar esa boshchorbog‘lik bog‘bonlarning olma terish mavsumi. Bog‘dorchilik mahsulotlari biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning barchasi shu yerda bog‘larni tanlash bilan ovora.
Biz ham fotomuxbir bilan mehnatkash bog‘bonlar haqida maqola tayyorlash maqsadida ushbu manzilga qarab otlandik. Yo‘limiz olis bo‘lgani bois tong qorong‘usida yo‘lga chiqdik. Tuman markaziga yetib borganimizda endigina saxovatli boboquyosh o‘zining zarrin nurlarini borliqqa yoya boshlagandi.
U yog‘iga tog‘ yo‘llari bizni qarshi oladi. Ikki kun oldin yoqqan yomg‘ir yo‘llarning chang-g‘uborini bosgan. Toqqa yaqinlashar ekanmiz, etni junjuktiruvchi salqin shabada yuzga uradi. Pastu baland soyliklardan o‘tib boramiz. Borliqda kuz nafasi hukmron. Azm teraklarning barglari sarg‘aya boshlagan. Yaproqlari qirmizi rangga burkangan o‘rik daraxtlari o‘zgacha chiroy aks etgan.
Bir paytlar Boshchorbog‘ jamoa xo‘jaligiga qarashli bu yerlarda bugungi kunda 4 ta mahalla faoliyat yuritmoqda. Ular Chashmai miron, Boshchorbog‘, Chilgaz, Sarchashma mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘lib, ularning tarkibida Boshchorbog‘, Ayniy, Yona, Chuqun, Lalli Kulmat, Oqqishloq, Oq ko‘l, Obi xishon, Chilgaz, Katta qishloq, Bozorjoy, Duob, Toshbuloq kabi 20 ga yaqin qishloq joylashgan.
Ayni kunlarda ushbu qishloqlardagi qaysi xonadonga kirmang, bog‘da olma terilayotganini guvohi bo‘lasiz. Hosil mo‘lligidan egilgan olma daraxti shoxlari sadaflar terilgan munchoqqa o‘xshaydi go‘yo.
Hasharchilarga “hormang” deya bog‘ni oralaymiz. Hamma o‘z ishi bilan band. Kimdir terilgan olmalarni saralash bilan, boshqasi qutilarga joylangan olmalarni tashish bilan mashg‘ul. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan, boshiga do‘ppi kiygan bog‘bon tabassum bilan bizni qarshi oldi. Ozgina suhbatlashdik.
– Shukr, bu yil hosilimiz mo‘l, – deydi Boshchorbog‘ qishlog‘ilik Qurbonnazar bobo Norqobilov. –- Bir gektardan ziyod maydonda 350 tup olmazorimiz bor. Asosan semirinka navini ekkanmiz. Bu bog‘ni 1979 yilda kolxoz paytida tashkil qilganman. Mana bugun hamma ishlarni o‘g‘limga topshirganman. O‘zim asli agronom bo‘lganman. Bog‘ning agrotexnikasi borasida doimiy maslahatimni berib turaman. 30 tonnadan ziyod hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Mana ko‘rib turibsiz, xaridorlar kelgan olmalarni yuklayapti. O‘tgan yilgiga nisbatan bu yil mevalarimizning narxi ham yaxshi. Dehqonning kosasi oqaradigan yil bo‘lyapti bu yil.
Ona tabiatning o‘zi in’om etgan qulaylik va imkoniyatlar Boshchorbog‘ olmalarining sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Chashmayu buloqlardan oqib kelayotgan boldek shirin zilol suvlardan qonib ichgan olma mevasiga tish o‘rsangiz, suvi yuzga sachraydi.
Hududdagi qishloq odamlarining asosiy tirikchiligi ham olma va chorvadan. Yana bir xonadondagi olmazorga kiramiz. Bizni xaridor deb o‘yladi, shekilli, “olmalar sotilgan” deydi bog‘bon uzoqdan. Mevalar hali terilmagan, ammo sotilgan. Bog‘bonlarning aytishicha, hududdagi barcha bog‘lar deyarli sotib bo‘lingan. Xaridorlar hali olmalar pishmasdan turib, oldindan bir qism pulini to‘lab, bog‘larni band qilib ketishar ekan. Yaqin borib, bog‘bonga o‘zimizni tanishtirib, suhbatga chorladik.
– 15 sotix joyda 70 tup olma daraxtim bor, – deydi Sherozi Jo‘rayev. – Bu menga otamdan qolgan, ya’ni otameros. Bog‘imizdagi olmalarni yoshartirdik. Daraxtlarim 6-7 yillik bo‘ldi. Ayni kuchga to‘lgan vaqti. Asosan “krepson” navidan ekkanmiz. Rosti, qishlog‘imiz tabiati jannatmakon, lekin baribir olmaga parvarish kerak. Tagini yumshatish, vaqtida sug‘orish, dorilash, shoxlarini butash va hokazo. Mehnatini qilsangiz, hosilini ham beradi-da. Shu bog‘imizdan yiliga 2 tonnaga yaqin hosil olamiz. Daromadi yomon emas. Shuning ortidan ro‘zg‘orimiz farovon. Dasturxonimiz to‘kin. Farzandlarimizni o‘qityapmiz. To‘y-hasham qilyapmiz.
[gallery-13978]
Boshchorbog‘ insoniyat makon qilgan qadimiy manzillardan sanaladi. Masalan, qishloqdan toqqa qarab 10 kilometrlik masofada Xo‘ja Bulgurota ziyoratgohi va uning oldida sirli ko‘l bor ekan. Qiziqishimiz o‘sha tomonga ham yetakladi.
Ushbu avliyo haqida biror-bir yozma ma’lumot topilmadi, ammo xalqning og‘izdan-og‘izga o‘tib kelgan og‘zaki ma’lumotlariga ko‘ra, Xo‘ja Bulgurota islom dinini juda chuqur bilgan, ulug‘ kishi bo‘lgan. Yillar o‘tib, odamlardan ajralib, uzlatga chiqib ketgan va mana shu yerlarni o‘ziga makon qilgan. Hozirda avliyo yashagan va ibodat qilgan joy ziyoratgohga aylangan. Homiylik mablag‘i evaziga mo‘’jazgina maqbara qurilgan. Haftaning chorshanba kunlari maqbara atrofi ziyoratchilarga to‘lib ketadi. Rivoyatlarga ko‘ra, dushmanlar avliyoni qo‘lga olmoqchi bo‘lib, quvganlarida hozir maqbara joylashgan joyda izsiz g‘oyib bo‘lgan ekan. Qaytib hech kim ko‘rmagan. O‘sha joyda hozir avliyoning ramziy qabri joylashgan.
Maqbarining yonida aylanasi taxminan 100 kvadrat metrni tashkil qiladigan kichikkina ko‘lcha bor. Ushbu ko‘l hikmatlarga boy. Emishki, uning suvi kamaymaydi ham, ko‘paymaydi ham. U shu qadar tiniqki, ostida o‘sib yotgan suv o‘tlari yaqqol ko‘rinadi. Boshchorbog‘lik keksalarning hikoya qilishicha, sobiq sovet davrida ko‘lning suvini quvur orqali qishloqqa tortib bormoqchi bo‘lishgan. Lekin hech imkonini topisha olmagan. Yonidan ariq qazishgan, ko‘l suvi pasayib boravergan. Qancha qazisa, shuncha pasaygan. Qazishdan to‘xtashsa, suvning pastlashi ham to‘xtagan ekan. Albatta, bu xalqning orasida yurgan bir rivoyat. Lekin ko‘l suvining shifobaxshligi rost. Ichsangiz, dil yayraydi.
Ko‘l suvidan ichib, Xo‘ja Bulgur otani ziyorat qilgach, ortga qaytdik. Boisi qosh qorayib, quyosh qorli tog‘lar ortiga bota boshlagandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari