Bosh qomusimiz inson qadrining kafolatidir
Toshkent viloyat sudida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari va Toshkent davlat transport universitetining Xalqaro ommaviy huquq kafedrasi professor-o‘qituvchi va talabalari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda mavzu yuzasidan mutaxassislar ma’ruzalari tinglandi.
Jumladan, Toshkent viloyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Nargiza Mahkamova so‘zga chiqib, Bosh qomusimiz haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Konstitutsiyaning yangilanishi tufayli moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Uyg‘unlashtirish doirasida 30 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilgani, keyingi yillarda barcha islohotlar Konstitutsiya va qonunlar ustunligi tamoyili asosida amalga oshirilayotgani ahamiyatlidir.
Sudya Feruz Yodgorov so‘zga chiqib, sudga murojaat qilish har bir fuqaroning Konstitutsion huquqi ekanini, fuqarolik sud ishlarini yuritish vazifalari, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kabi yo‘nalishlarda atroflicha ma’lumot berdi.
Seminarda sud-huquq islohotlari yangi konstitutsiyaviy makonga uyg‘unlashtirilgani, bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirish ustuvor vazifa bo‘lib hisoblanishi haqida fikr almashildi.
Ayniqsa, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblikni ta’minlash bo‘yicha konstitutsiyaviy prinsipni ro‘yobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar to‘liq qayta ko‘rib chiqilgani qayd etildi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini o‘zgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshirilayotgani amaliy misollar bilan yoritib berildi.
Ilmiy-amaliy seminar davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
A.Musayev, O‘zA