Bosh hisobchi javobgarlikka tortildi
G‘ozg‘on shahrida Navoiy viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlarida Marmarobod mahallasida yashovchi Feruz Ramazonov 2-umumta’lim maktabida tarix fanidan dars beruvchi kelini Gulgul Akromovaga “dekret” puli berilmaganligidan norozi bo‘lib shikoyat qildi.
Shuningdek, tadbirda Shayxon mahallasida yashovchi Ma’rifat aya Hojiyeva ham 1-umumta’lim maktabida informatika fanidan o‘qituvchilik qilayotgan qizi Muborak Hamroyevaga ham homiladorlik va tug‘ruq ta’tili puli berilmaganini, 1-umumta’lim maktabida o‘t yoquvchisi vazifasida ishlab kelayotgan Jonizoq Sharipov esa oylik maoshi hamda unga yuklatilgan qorovullik vazifasi uchun haq to‘lanmayotgani yuzasidan murojaat qildi.
– O‘rganishlar jarayonida barcha murojaatlarga ijobiy yechim topildi, – deydi G‘ozg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Otabek Ulug‘ov. – Hujjatlar tekshirilganda, barcha xodimlarga buyruqlar o‘z vaqtida chiqarilgan. Ammo shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining bosh hisobchisi buyruqlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan. Natijada mazkur qonunbuzarlik holatiga adliya taqdimnomasi bilan chek qo‘yildi. Tarix fani o‘qituvchisi Gulgul Akromovaga 4 million 853 ming so‘m, informatika fani o‘qituvchisiga Muborak Hamroyevaga 2 million 738 ming so‘m, maktab qorovuli Jonizoq Sharipovga 1 million 204 ming so‘m to‘lab berildi.
Bosh hisobchi esa yo‘l qo‘ygan qonunbuzarligi uchun javobgarlikka tortildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri