Bombardimondan omon qolgan Odiljon ota
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 aprelda qabul qilingan “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori beqiyos ibratga, yoshlarimiz uchun ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Zero, inson qadri – ulug‘, xotirasi boqiydir. Bayram tadbiri “Xotira bor ekan – millat barhayot”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida yuqori saviyada tashkil etilishi ham faxryilarimizga hurmat –ehtirom ifodasidir.
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan xabar olinib, ularning mardligi va jasorati e’tirof etilmoqda. Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona garnizoni harbiy xizmatchilari, harbiy orkestr va yoshlar musiqa sadolari ostida Toshloq tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 99 yoshni qarshi olgan Odiljon Zokirov xonadoniga tashrif buyurdi.
Odiljon ota Zokirov 1942 yilning sentyabr oyida Ukraina, Xarkov, Belgrad so‘ngra Denisovka, Velikolukskiy shaharlarida bo‘lgan jangovar harakatlarda artilleriya bo‘linmasida razvedkachi bo‘lib xizmat qilgan. Xarkov shahriga 90 kilometr masofada Odiljon ota tushgan eshalon bombardimon qilingan. 1944 yil 30 may kuni avtomat o‘qidan yaralandi. Otaxon muloqotda urush davrlarni eslar ekan dorilomon davrlarga yetib kelish oson bo‘lmadi, deya ko‘ziga yosh oldi.
Odiljon otani yo‘qlab kelgan yoshlar bilan birgalikda harbiy orkestr turli qo‘shiqlar kuylab shonli tarixni esga olishdi. Urushdan so‘ng otaxon yurtimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilib, 9 nafar farzandni voyaga yetkazdi. Hozirgi kunda nevara, chevarayu evaralar qurshovida umrguzaronlik qilmoqda.
Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini e’zozlash, hurmatini joyiga qo‘yish, o‘tganlarni yod etish – farzandlik burchimiz. Vatanni, mardlikni, jasoratni ulug‘laganlar esa doimo ardog‘imizdadir.
M. Sulaymonov, O‘zA