“Bolalik”dagi muammolarni kim bartaraf etadi?
Farg‘ona viloyatida joriy yilda aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida 15 ta tumandagi 45 ta qishloqda, “Obod mahalla” dasturida 4 ta shahardagi 12 ta mahallada qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Buning natijasida ushbu qishloqlardagi 55 mingga yaqin aholi sharoiti yaxshilanadi.
Xo‘sh, bugungi kunda qishloqlarda holat qanday? Quva tumanining chekka hududlaridan biri – “Bolalik” mahalla fuqarolar yig‘inidamiz. Mo‘ridan chiqayotgan tutun, velosipedining orqasiga o‘tin yuklab olgan otaxon, suv tashiyotgan ayollar… ilk taassurotlarimizdan biri bo‘ldi.

Qishloqning odamlari begonani darrov bilishadi. Ular bizni surishtirib, jurnalist ekanligimizni aytganimizdan so‘ng ko‘ngli yorishdi. “Bolalik qayrag‘och” ziyoratgohiga qaraydigan Sharofiddin aka Ahmedov kuyunchaklik bilan muammolardan so‘z ochdi.
– Rosti, mehmon chaqirgani ham xijolat bo‘lamiz, – deydi u. – Qishlog‘imiz taraqqiyotdan ancha orqada qolgan. Mana, yo‘llarimizning ahvolini ko‘ring. Loy, botqoq ko‘chalarimizni asfalt qilamiz, deb qancha va’dalar berildi-ku! Ammo hech qanday amaliy ishdan darak yo‘q. O‘zimiz 170 ming so‘mdan pul to‘plab, shag‘al yotqizyapmiz. Mahallamizdagi katta muammolardan biri – tomorqani sug‘orish. Umuman ariqdan suv kelmaydi. Eplagan quduq qazib, suv chiqargan. Tik quduq o‘rnatish bo‘yicha bir necha bor hokimlikka murojaat qildik. bugungi kunda oltmishdan ziyod xo‘jalik tomorqasini sug‘orishning iloji yo‘q. Ichimlik suvi ta’minotini gapirmasa ham bo‘ladi.

“Bolalik” mahalla fuqarolar yig‘inida 3287 nafar aholi istiqomat qiladi. “Temir daftar”da 11 ta oila ro‘yxatga olingan. Qishloq aholisi asosan mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanadi. Rediska yetishtirish, supurgi tayyorlashda ularga yetadigani yo‘q.
– 12 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish kerak, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qobiljon Mahmudov. – Bu bo‘yicha mutasaddilarga takliflarni berganmiz. Shuningdek, qo‘lbola simyog‘ochlar ko‘p. Ularni almashtirish lozim. Mustaqillik deya nom berilgan ko‘chada asosan yangi ko‘chib kelgan oilalar istiqomat qiladi. Mana, o‘n yildan o‘tgan bo‘lsa-da, ichki yo‘llardan umuman yurib bo‘lmaydi. Mahalla ahli hashar asosida shag‘al yotqizishgan, ammo qor va yomg‘irli kunlarda bu yo‘l botqoqqa aylanadi. Qo‘lbola yasalgan simyog‘ochlarning xavfsizligi esa har qanday kishini tashvishga soladi. Ko‘chaboshi Abdumannob Jumaboyevning aytishicha, ichimlik suvi qishloq markazidan tashib kelinadi. Qishning sovuq kunlarini esa amallab o‘tkazishmoqda. Hayotxon Oripovalar oilasi “Temir daftar”da ro‘yxatda turadi. Oila boshi Sirojiddin Rossiya Federatsiyasida migrant. Pandemiya boshlangandan beri ish to‘xtagan. Oila nihoyatda og‘ir vaziyatga tushib qolgan. Axir uch nafar bolani boqishning o‘zi bo‘ladimi? Ammo mas’ullar bu oilaning taqdiri bilan qiziqqani yo‘q. To‘g‘ri, oziq-ovqat tomonidan yordam berildi. Ammo daromad topishiga ko‘maklashish haqida o‘ylab ko‘rilgani yo‘q.

Mahalladagi 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lganimizda jajji bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar haminqadar ekanligiga guvoh bo‘ldik. Elektr energiyasidagi uzilishlar sabab xonalar yaxshi isimayapti. Sovuqdan dildiragan bolalarning nigohlariga qarash – og‘ir. Bu maskan ta’mirga muhtoj. Telman mahallasida uzoq yillardan buyon bo‘sh turgan norasmiy masjid binosini tadbirkor Muhriddin Rayimov kim oshdi savdosi orqali sotib oldi. U bu yerda mebellarga ishlov berishni yo‘lga qo‘yish harakatida. Mahalla ahli tez tibbiy yordam stansiyasining uzoqda joylashganligidan norozi. Vaholanki, shu yerning o‘zida qishloq vrachlik punkti bor. U ayni kunlarda ta’mirlanayotgan bo‘lib, tez yordam xizmati shu yerda tashkil etilsa, yaxshi bo‘larmidi?

Qishloqning odamlari andisha qilib, ayrim muammolardan ko‘z yumayotgani rost. Sektor rahbarlari aholini hayotdan rozi qilish yo‘lida “Bolalik”ka hech kelganmikin? Unda nega ismiga monand bo‘lmayotgan bu maskanda obodlikdan darak yo‘q? “Obod qishloq” dasturi orqali balki bu muammolar o‘z yechimini topar...
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA