Bolalar uchun muqobil guruhlar
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) loyihasi doirasida 3-7 yoshli bolalar uchun muqobil guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy qadriyatlarimizga uyg‘un holda ommalashtirishni ko‘zda tutuvchi mazkur loyiha taqdimoti doirasida mahalliy va respublika ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Maktabgacha ta’lim bolalarning aqliy rivojlanishi va jismoniy jihatdan o‘sishida muhim o‘rin tutadi. Shu boisdan ham mazkur tizimga bo‘lgan e’tibor keyingi yillarda tubdan o‘zgarib, sohada keng ko‘lamli islohotlarga qo‘l urildi. Buning natijasida yurtimizda bog‘chaga qamrov ko‘rsatkichi yuksalmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 30 sentyabrdagi "Maktabgacha ta’limni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra bolalarning bog‘chaga qamrovini oshirish maqsadida maktabgacha ta’limning yangi muqobil, standart shakllarini respublikaning chekka hududlarida joriy etish vazifasi belgilangan.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, qo‘shma loyiha doirasida Namangan viloyatining to‘rtta hududida, ya’ni Kosonsoy tumanidagi pedagogika kolleji, To‘raqo‘rg‘on iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji, Chust pedagogika va servis kolleji va Norin tumanidagi Soy bo‘yi mahallasida ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun 4 ta muqobil guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Taqdimotda Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, YUNISEF fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamadzoda so‘z olib, maktabgacha ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotgani qayd etildi.

– Har bir bolaga e’tibor va g‘amxo‘rlik zarur, – dedi YUNISEF fondi rahbari Munir Mamadzoda. – Bolalarni shaxs sifatida shakllanishi bog‘cha yoshidan boshlanadi. Shuning uchun ham 3-7 yoshdagi bolalarga chuqur tarbiya berish judayam muhim. Ayni shu dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash borasida hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. Muqobil guruhlarni qo‘llab-quvvatlash asnosida inson kapitalini rivojlantirishda xalqaro andozlarni joriy etishga tayyormiz.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ta’limga, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Agrippina Shin. – Bu boradagi huquqiy asoslar qonunlarda tobora mustahkamlanib bormoqda. Shuni ta’kidlash joizki, respublikamizda 2 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etiladi. 53 ta tumanda qad rostlaydigan bog‘chalar faoliyatini boshlashi bilan 67 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bunda asosan, mahallada yashovchi xotin-qizlarga ahamiyat qaratish ko‘zda tutilgan. Muqobil guruhlarning ochilishi esa yurtimizda bolalarni maktabgacha ta’lim qamrovi chekka va olis hududlarga ham yetib borayotganidan dalolat beradi.

Xalqaro tadqiqotlarga qaraganda, bolalarning intellektual qobiliyatini rivojlanish davrining 70 foizi maktabgacha yoshga to‘g‘ri keladi. Ushbu guruhlarda to‘rtta tumandagi to‘qqizta mahalladan qamrab olingan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 200 nafar bola maktabga sifatli tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu guruhlarning har birida bir nafardan tarbiyachi va yordamchi-tarbiyachi faoliyat yuritadi. Bolajonlarning guruhlarda qolish vaqti 3-4 soatni tashkil etib, ta’lim jarayoni bir yoki ikki smenada olib boriladi.
Shuningdek, qishloq aholisi uylarining shundoq yonida maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Ushbu guruhlar uchun ajratilgan binolar qayta jihozlanib, mebel, o‘quv, uslubiy, didaktik materiallar, bolalar uchun o‘yinlar va o‘yinchoqlar bilan jihozlandi. Tarbiyachilar va uslubchilar yuqori sifatli pedagogika asosida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘qitildi.
– Viloyatning eng chekka manzillarida joylashgan mahallamizda 4 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi O‘zbekiston mahallasida yashovchi 80 yoshli mehnat faxriysi Ibrohimjon ota Dostonov. – Ayni paytda hududimizda uchta xususiy va ikkita davlat bog‘chasi faoliyat yuritmoqda. Ulardagi sharoitlarni ko‘rib, dilingiz yayraydi. Kichkintoylarning ona tilimiz, rus va ingliz tillarida ham burro-burro she’r aytishlari, qo‘shiq kuylashlarini ko‘rib, quvonamiz. Yaqin-yaqingacha bog‘chalarda bunday imkoniyatlar bo‘lmagan. Hisoblab ko‘rsak, mahallamizda bog‘chaga bormagan 50 ga yaqin bola qolibdi. Ularni ham yil oxirigacha maktabgacha ta’limga to‘liq qamrab olish ko‘zda tutilganidan sevindik. Muqobil guruhlarda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da turgan oilalarning 18 nafar bolasi bepul tarbiyalanar ekan.
Loyiha tashabbuskorlari viloyatning olis va chekka hududlarida muqobil modelini yanada rivojlantirish, kollejlar, maktablar, mahallalarda va boshqa binolarda aholi uchun qulay bo‘lgan joylarda shunday guruhlarni tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA