Bolalar shaharchasiga tashrif
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi bayrami munosabati bilan Sirdaryo viloyati yuridik texnikumining bir guruh pedagog-xodimlari viloyat markazidagi “Bolalar shaharchasi”ga tashrif buyurib, u yerda tarbiyalanayotgan bolajonlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Bosh qomusimizning yaratilish tarixi, davlatimiz mustaqilligi, xalqimizning milliy manfaatlari, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishdagi ahamiyati to‘g‘risida suhbatlashildi.

O‘z navbatida, “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilari mehmonlarga Ona Vatan, tinchlik, do‘stlik, sadoqat, tabiat to‘g‘risidagi she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. Tadbir huquqiy mavzuda o‘tkazilgan viktorina bilan yanada qizg‘in tus oldi. Bolajonlar uchrashuv bahona huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlab oldi.

Tadbir so‘ngida pedagoglar tomonidan “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kitobi va tadbirda eng faol qatnashgan tarbiyalanuvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.QAYUMOV, O‘zA muxbiri, F.TOSHMATOV, suratlar muallifi