Bolalar kardioxirurgiyasi ish boshladi
Sifatli tibbiy xizmatni amalga oshirish, yuqori texnologik operatsiyalarni viloyat kasalxonalarida yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bugungi tibbiyotning dolzarb yo‘nalishi hisoblanadi.
Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi sun’iy qon aylanish apparati bilan ta’minlandi. Markazda kardioxirurgiya bo‘limi ochildi va ikkita tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalarda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

– Viloyatda 1500 dan ortiq bolalar tug‘ma yurak nuqsoni bilan nazoratda turadi, – deydi markaz rahbari Q.Karimov. – Shulardan 700 tasi operativ davolanishga muhtoj. Joriy yilda 96 ta bola Respublika markazlarida operativ davolangan. Endilikda tug‘ma yurak nuqsoni bor, operatsiyaga muhtoj bolalar viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida operatsiya qilinadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.