Bolalar bilan ishlash tizimi takomillashmoqda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 19-sonli “Qaldirg‘och” DMTT da “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot strategiyasi” mavzusida Toshkent viloyatidagi soha xodimlari uchun seminar o‘tkazildi.
“Milliy qadriyatlarimiz bolalar nigohida” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda asosiy e’tibor 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining tegishli bandida ko‘rsatilgandek, maktabgacha ta’limni rivojlantirishda milliy va innovatsion yondashuvlarni keng targ‘ib etishga qaratildi. Joylarda faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda bolalarga turli boshlang‘ich bilimlarni berish, sportga qiziqishini oshirish uchun muntazam shug‘ullanishida sharoit yaratish choralari ko‘rilyapti. Bu jarayonda soha mutaxassislari mas’uliyatini oshirish, ko‘proq malaka oshirish kurslariga jalb qilish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbirda bolajonlar ijrosida milliy qadriyatlarimiz bo‘lgan kelin salom, alla va shu kabi xalq termalaridan iborat kuy-qo‘shiqlari namoyish etildi. Ayniqsa, yig‘ilganlarga strategiyaning yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlagan sahna ko‘rinishlari ma’qul bo‘ldi.

– Hozir bog‘chada har bir bola bilan alohida ishlash, faoliyat yuritayotgan turli to‘garaklarga jalb qilgan holda qiziqishini oshirish muhim ahamiyatga ega, – deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Maktuba Qobulova – bugungi kunda tizimga davlatimiz tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad esa mahallalarda bog‘cha yoshidagi bolalarni MTTlarga ko‘proq jalb qilish, ularga boshlang‘ich bilimlarni berish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishdir. Bu borada amaliy ishlar boshlangan bo‘lib, maxsus metodik qo‘llanmalar va malakali tarbiyachilar tajribalari ommalashtirilmoqda.
Shunday imkoniyatlardan keng foydalanib, bolalarga “Ilk qadam” davlat dasturi asosida zarur ko‘nikma hosil qilinmoqda. Xususan, tumandagi mazkur bog‘cha Davlat dasturi asosida ajratilgan 3 milliard 80 million so‘m mablag‘ evaziga 2021 yilda qurib bitkazildi. Bu yerda tashkil etilgan 4 ta guruhga 120 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Ularga o‘zbek va ingliz tilida mashg‘ulotlar olib boriladi. Ota-onalardan iborat “Kuzatuv kengashi” tashkil etilgan.

Shuningdek, mohir qo‘llar, musiqa to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr mobaynida “Gulsevar ona”, “Yashil makon” umummilliy dasturi asosida ota-onalar hamkorligida “Bir bolaga bir ko‘chat” aksiyalari tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad bolalarni ona tabiatga muhabbatini yanada oshirishdir. Tadbirda tuman madaniyat bo‘limi qoshida tashkil etilgan "Ohangrabo" folklor jamoasining milliy qo‘shiq va raqslari ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
A. Musayev, O‘zA.