Bolajonlar uchun bayram tuhfasi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Shirin shahri ahli uchun quvonchli voqea yuz berdi. Shaharning “Do‘stlik” mahallasida joylashgan 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Shirin shahar hokimi Dilfuza Qambarova, nuroniylar, mahalla faollari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, yosh avlod uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotgani alohida ta’kidlandi.

Mazkur bino O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi «Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida barpo etildi. Loyihani amalga oshirish uchun jami 4 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muassasaning avvalgi binosi 1969-yilda qurilgan bo‘lib, 110 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan edi. Uzoq yillar davomida foydalanilgan mazkur inshoot vaqt o‘tishi bilan eskirib, zamonaviy ta’lim talablariga to‘liq javob bermay qolgan edi.

Yangi qurilgan bog‘cha esa 170 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega. Muassasada keng va yorug‘ guruh xonalari, zamonaviy o‘quv jihozlari, bolalarning intellektual va jismoniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, xavfsizlik talablari va sanitariya me’yorlari to‘liq ta’minlangan.

Eng muhimi, mazkur muassasa bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, iqtidor va qobiliyatlarini erta aniqlash hamda barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi bog‘chaning ishga tushirilishi orqali mahallada maktabgacha ta’lim qamrovini yanada kengaytirish imkoni paydo bo‘ldi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu zamonaviy ta’lim maskani shahrimiz farzandlari uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘lib, ularning baxtli va farovon kelajagi yo‘lidagi yana bir muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri