Bo‘lajak Vatan himoyachilari sharaflandi
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyatida uchrashuv, davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida “Vatanim mening faxrim” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat bo‘lim boshqaruvi tashkil etgan tadbirda Vatanimiz xavfsizligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga qodir, har taraflama zamonaviy qurollangan milliy armiyamiz shakllangani haqida fikr almashildi. Tinch, farovon hayotning yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

- O‘quv markazida konstitutsiyaviy burchini sharaf bilan bajarishga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lajak Vatan himoyachilarining zamonaviy qurol-aslaha va texnikalarni chuqur o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgani, ularning jismonan toblanib, ma’naviy sog‘lom kamolga yetayotganiga havasimiz keldi, - deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘lim boshqaruvi mas’ul xodimi O.Ostonaqulov.- Tinglovchilarning teran fikri, Vatanga muhabbati, sadoqat va jasorat tuyg‘usi yigitlik burchini sharaf bilan o‘tashga ishtiyoqmandligini keng namoyon etganidan faxrlandik. Dildan suhbat qurib, bayram bilan tabrikladik. Bularning barchasi mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilgari surilgan “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasidir.
Uchrashuv yakunida tinglovchilarga “Mahalla” xayriya jamoat fondining bayram sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatraimov, O‘zA