Bo‘lajak shifokorlar bilan uchrashuv
Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya instituti va boshqa tibbiyot institutlari bitiruvchi talabalari bilan uchrashdi.
Tadbirda poytaxtdagi yetakchi tibbiy muassasalarni tamomlayotgan viloyat yigit-qizlarini ishga joylashtirish yuzasidan fikr almashildi. Ayni kunda Sirdaryo viloyatida 25 shifoxona, 132 ambulatoriya-poliklinika faoliyat yuritmoqda. Ularda 3 mingdan ziyod shifokorlik ish o‘rni mavjud. Bugungi kunda ana shu joylarda 1 ming 586 nafar shifokor mehnat qilmoqda.

Uchrashuvda bo‘sh ish joylariga ixtisosligi to‘g‘ri keladigan bitiruvchi yoshlarni jalb etish zarurligi qayd etildi.
Joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining bakalavr bosqichini tamomlayotgan 27 nafar viloyat yoshlari orasida boyovutlik Jamoliddin Bahromov ham bor.

– O‘qish davomida sohani puxta o‘zlashtirishga harakat qildim, – deydi u. – Niyatim yaxshi shifokor bo‘lib, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Boyovutda, tuman tibbiyot birlashmasida ishlab, xalqimizga, Vatanimizga xizmat qilish. Bunda Toshkent tibbiyot akademiyasida olgan bilim va malakam qo‘l kelishi shubhasiz.
Hozirgi kunda Sirdaryo viloyatida anesteziolog-reanimatolog shifokorlar, shuningdek, ftiziatr, pediatr, terapevt, akusher-ginekolog, urolog, oftalmolog va boshqa ixtisosliklar bo‘yicha shifokorga ehtiyoj bor. Ayni kunda kadrlar ta’minoti bilan bog‘liq bu masalani ijobiy hal qilish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Bahs va munozaraga boy bo‘lgan uchrashuvda bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA