Bola rivoji alohida e’tiborga bog‘liq
Bola hayotining ilk uch yili uning kelgusi rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Ayni shu davrda rivojlanishdagi qiyinchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va zarur yordamni ko‘rsatish bolaning imkoniyatlarini kengaytirish, mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirish hamda oilaga amaliy ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda mamlakatimizda tug‘ilgandan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Erta aralashuv” xizmatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi tegishli qarori doirasida tashkil etilayotgan ushbu xizmat rivojlanishida kechikishlar kuzatilgan bolalarga individual yondashuv asosida yordam ko‘rsatish, ularning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va ota-onalarga amaliy tavsiyalar berishni nazarda tutadi.
Toshkent viloyatida ham mazkur xizmatni yo‘lga qo‘yish va qamrovini kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda 22 ta tuman va shaharda 26 ta tadbirkorlik sub’ektiga “Erta aralashuv” xizmatini tashkil etish uchun ijobiy xulosalar berilgan. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq bola ushbu xizmatdan foydalanmoqda. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida yo‘lga qo‘yilgan xizmat ham bolalar va ularning ota-onalari uchun muhim yordam manbaiga aylanyapti. Ayniqsa, mutaxassislar ko‘magidan o‘z hududida foydalanish imkoniyati yaratilgani oilalarning vaqt va yo‘l xarajatlarini tejashiga yordam bermoqda.
— Avvallari qizimni davolatish uchun poytaxtga olib borardim, — deydi O‘rta Chirchiq tumani Toshloq mahallasida yashovchi Karima To‘labayeva. — Yo‘l xarajatlarini topishda qiynalganim sababli ba’zan shifokor belgilagan vaqtda bora olmagan paytlarimiz ham bo‘lgan. Hozir esa tumanimizdagi “Erta aralashuv” xizmatidan foydalanyapmiz. Qizimning sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarishlarni sezmoqdaman. Bizga o‘xshagan oilalar uchun shunday xizmatning bepul tashkil etilgani katta yordam bo‘lyapti. Buning uchun Prezidentimizga rahmat.

Aslida “Erta aralashuv” xizmati doirasida bolalarning jismoniy, nutqiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda har bir bolaning individual ehtiyojlari inobatga olinib, tegishli mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Shuningdek, kundalik hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, bolaning rivojlanishidagi o‘ziga xos jihatlarni hisobga olish va ota-onalarga farzandini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berish xizmatning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Kelgusida xizmat qamrovini yanada kengaytirish, ko‘rsatilayotgan yordam sifatini oshirish va oilalar bilan hamkorlikni mustahkamlash rejalashtirilgan.
Zero, bolaning ilk rivojlanish davrida ko‘rsatilgan o‘z vaqtidagi yordam nafaqat bugungi qiyinchiliklarni yengishga, balki uning kelajakdagi imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday ko‘mak ota-onalarga ishonch bag‘ishlab, har bir bolaning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratadi.
A.Musayev, O‘zA