Bola ona tarbiyasiga qaytarildi
Oila mustahkamligini ta’minlovchi omillardan biri farzand.
Insonlar ne orzu-umidlar bilan oila qurib, farzandli bo‘lishadi. Biroq hayotda shunday ulug‘ ne’matga shukrona keltirish va farzandini komil inson etib tarbiyalash o‘rniga, turli bahonalar bilan oilasini barbod qilib, farzandining tirik yetim bo‘lishiga sababchi bo‘layotganlar ham bor.
N.Shomurodova o‘zi sevgan inson bilan turmush qurib, farzand ko‘rdi. Biroq oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘ining uyidan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Farzandini olib ketolmagach, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudiga murojaat qildi va sud bolani ona parvarishiga muhtojligini inobatga olib, da’voni qanoatlantirdi.
Bolani olish va uni boshqa shaxsga berish bilan bog‘liq sudning hal qiluv qarorini majburiy tartibda ijro etish, albatta vasiylik va homiylik organi va bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudining 2022 yil 4 iyuldagi ijro varaqasiga asosan javobgar B.Cho‘liyevdan 2020 yilda tug‘ilgan Sh.Boltayevni onasi N.Shomurodova tarbiyasiga olib berish to‘g‘risida ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Romitan tumani bo‘limi ish yurituviga 05.07.2022 yilda kelib tushdi va bo‘lim davlat ijrochisi E.Jo‘rayev tomondan belgilangan tartibda darhol ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida tegishli organlar vakillari va xolislar ishtirokida voyaga yetmagan bola onasi N.Shomurodova tarbiyasiga olib berilib, ijro ishi amalda tamomlandi.
Bola tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan bu kabi nizolarning to‘g‘ri hal etilishi ota-onalarning va bolalar huquqlarining muhofazasini, ota-onalarning bolalarini tarbiyalashdagi mas’uliyati oshirilishini ta’minlashga imkoniyat tug‘diradi. Ota-onalarning bolalar manfaatlariga zid bo‘lgan huquqlaridan foydalanishlariga barham beradi.
O‘zA