Bokuda Turkiy davlatlar hamjihatlik forumi bo‘lib o‘tdi
Boku shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar NNTlarining Ikkinchi hamjihatlik forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum Ozarbayjon Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash agentligi hamda TDT NNT platformasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir “Baku Urban Planning Week” haftaligi doirasida o‘tkazildi.

Unda Ozarbayjon, Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Turkmaniston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Vengriyadan 50 dan ortiq fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Forumda xalq diplomatiyasi, fuqarolik jamiyati, ijtimoiy muloqot va media hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida “Birodar shaharlar alyansi” raisi Zokir Abidov hamda ijrochi direktor Otabek Alimardonov ishtirok etdi.
Tadbirda turkiy xalqlarning tarixiy-madaniy birligi va umumiy qadriyatlari haqida fikr almashildi.
Ozarbayjon Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash agentligi kuzatuv kengashi raisi Faud Mamedov turkiy dunyo bir oila ekanini ta’kidladi.

“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov NNTlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, yagona onlayn platformalar yaratish va favqulodda vaziyatlarda o‘zaro ko‘mak mexanizmlarini ishlab chiqish taklif etildi.
Forumning ikkinchi qismida Ozarbayjon – Qirg‘iziston, Ozarbayjon – Turkmaniston hamda Ozarbayjon –Shimoliy Kipr NNT hamkorlik forumlari ham o‘tkazildi.
Forum yakunida NNTlar va OAV o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, Raqamli platformalarni tashkil etish hamda turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi.
N.Rahmonova, O‘zA