Bokuda klassik avtomobillar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Ozarbayjon avtomobil federatsiyasi “Baku City Ring Operating Company” va “Dreamland Golf Club” bilan hamkorlikda Bokuda klassik avtomobillar paradi va ko‘rgazmasini tashkil etdi. Bu haqda “Azertaj” axborot agentligi ma’lum qilmoqda.
Tadbir Haydar Aliyev nomidagi markazning doimiy ko‘rgazmasidagi avtomobillar namoyishi bilan boshlandi. Ular orasida 1929 yilda ishlab chiqarilgan “Mercedes Benz Gazelle” ham bor edi.


Avtomobillar paradi Primorsk milliy bog‘idan boshlanib, shaharning markaziy ko‘chalari va xiyobonlari bo‘ylab davom etdi. Shuningdek, dastur davomida ”Dreamland” golf klubida yakuniy klassik avtomobillar ko‘rgazmasi ham tashkillashtirildi.
Ishtirokchilar fikricha, retro avtomobillari tomoshabinlarda nostalgiya tuyg‘usini uyg‘otgan.


Yengil mashina ishqibozlari “Eng eski avtomobil” va “Eng noyob avtomobil” kabi nominatsiyalar bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Samimiy ruhda o‘tgan yig‘in ozarbayjonlik taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert va ko‘ngilochar dastur bilan davom etdi.

O‘.Alimov, O‘zA