Boksda vazn toifalari soni ortishi kutilmoqda
Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti Umar Kremlyovning ma’lum qilishicha, 2021 yilning oxirigacha boks sport turidagi vazn toifalariga yana qo‘shimcha vaznlar joriy etiladi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi sayti xabar tarqatdi.
Xabarda keltirilishicha, AIBAda joriy yil yakunigacha vazn toifalaridagi o‘zgarishlar bilan birga, o‘tkazilayotgan chempionatlar formati, bahslarda ochkolarni berish tartibi hamda milliy boks federatsiyalariga moliyaviy yordam ko‘rsatish masalalarida ham bir qator yangiliklar joriy qilinishi bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda. Milliy federatsiyalarga boks sport turi rivoji uchun 6 million atrofida moliyaviy ko‘mak berish nazarda tutilgan.
- AIBA tomonidan vazn toifalarining ortishi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar sportchilarning nufuzli musobaqalarda ishtirok etish va zafar quchish imkoniyatini kengaytiradi. Bilasiz, havaskor boksda Olimpiya va jahon chempionatlarining eng yengil vazni hozirda 52 kilogramm hisoblanadi. Agarda vazn toifasiga Xasanboy Do‘smatovning “vazni” (49 kelogramm) joriy etiladigan bo‘lsa, yurtimiz sportchilari orasida ushbu og‘irlikda jahon va olimpiya maydonlarini zabt etadigan bokschilar safi kengayibgina qolmay, ularning xalqaro sport maydonlarida o‘z iqtidorini namoyish etishiga yaxshigina imkoniyat ham yaratilardi, - deydi boks bo‘yicha Rio olimpiadasi bronza medali sovrindori Rustam To‘laganov.
Ma’lumki, boks bo‘yicha navbatdagi XXI jahon chempionati joriy yilning 26 oktyabr - 6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur jahon chempionati o‘zgartirilgan vazn toifalarida bo‘ladimi yoki yo‘q, ma’lumotda bu haqda so‘z yuritilmagan.
To‘lqin RO‘ZIEV