Bokschilarimiz Olimpiadaga yo‘llanma oldi
Xitoyning Kuinan shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida ikki bokschimiz yarim finalda g‘alaba qozonib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Xitoyning Kuinan shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida ikki bokschimiz yarim finalda g‘alaba qozonib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.Tajribali bokschimiz Hasanboy Do‘smatov vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi yarim final bellashuvida mo‘g‘ulistonlik Gan-Erdene Ganxuyagni 3:0 hisobida yengib, finalga chiqdi. Shuningdek, u Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiadada qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashayotgan Yodgoroy Mirzayeva ham Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U vazni 51 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi yarim final bahsida Xitoy Taypeyi vakili Lin Yu Tinni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Yodgoroy Mirzayeva mamlakatimiz xotin-qizlari orasida Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi bokschi qiz bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasidan ma’lum qilinishicha, bugun yana besh nafar bokschimiz Olimpiada yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.