Boks: ishonchli harakat g‘alabani ta’minlaydi
Xabar berganimizdek, Rossiya poytaxti Moskva shahrida harbiy bokschilar o‘rtasidagi 58-jahon chempionati davom etmoqda.
20 sentyabr kuni nufuzli musobaqaning ikkinchi kun janglari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar a’zosi ishtirok etgan bahslarda vakillarimizning 4 nafari g‘alabaga erishdi. 3 nafar bokschimiz esa raqiblariga yo‘l berdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Sitora Turdibekova (57) va Foziljon Abdumurodov(52) rossiyalik sportchilarga, Nurislom Ismoilov (75) esa fransiyalik raqibiga yutqazib qo‘ydi. Moskva ringlarida ishonchli harakat qilgan Rayhona Qodirova(60), Shunqor Abdurasulov(60), Mujibullo Tursunov(64) raqiblarini mag‘lub etli.
Shuningdek, 49 kilogramm vaznda chempionlik uchun kurashayotgan Abdumajid Mannopov venesuelalik bokschi ringga chiqmaganligi sababli to‘g‘ridan- to‘g‘ri keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, Mujbillo Tursunov va Rayxona Qodirova ikkinchi jangida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Shunqor harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi ilk jangini o‘tkazdi.
36 ta mamlakatning 231 nafar harbiy bokschisi qatnashayotgan jahon chempionatida umumiy hisobda 261 ta jang o‘tkaziladi. Chempionat 25 sentyabrga qadar davom etadi.
Chempionat dasturiga binoan 23 sentyabrga qadar barcha vaznlarda saralash janglari o‘tkazilsa, 24 sentyabr kuni yarim final va 25 sentyabrda esa final uchrashuvlar hamda g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi tashkil etiladi
T. Ro‘ziyev, O‘zA