Bojxonachilar yangi loyiha bilan tanishdi
Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Pardayev va Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati Yangiyer shahrida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Mas’ullar tomonidan hududda faoliyat boshlayotgan “Yangiyer Yangi Davr Xamkor” korxonasi tomonidan pechene, qandolat va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi ko‘zdan kechirildi.

Bugungi kunda mazkur loyiha bo‘yicha asbob-uskunalarni o‘rnatish ishlari yakunlanish jarayonida bo‘lib, joriy yilning may-iyun oylarida bosqichma-bosqich oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Uchrashuv davomida loyiha bo‘yicha uskunalarni o‘rnatish ishlarini yakunlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotuvga chiqarish kelishib olindi.


Shuningdek, boshqarmada shaxsiy tarkib bilan o‘tkazilgan seminarda “O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida rasmiylashtirish va nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi” yo‘riqnoma talablari yana bir bor batafsil tushuntirildi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri