Bojxonachilar tadbirkorga tayanch bo‘lmoqda
Davlatimiz rahbarining biznes vakillari bilan bo‘lajak ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ham keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Buni birgina Toshkent shahar bojxona boshqarmasi misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, boshqarmada tashkil etilgan shtablarga hozirga qadar poytaxtlik tadbirkorlardan jami 16 ta murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning asosiy qismiga o‘z vaqtida yechim topilmoqda.
Jumladan, boshqarma boshlig‘i T.Saidovning “Arkbuloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlar bilan muloqoti ochiq va samimiy ruhda kechdi.
Masalan, "Ababil Team" mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan shu vaqtga qadar yurtimizga import qilinmagan yangi turdagi tovar – uzoq muddat yotoqda qolayotgan bemorlar uchun mo‘ljallangan maxsus matras -to‘shaklar olib kelgan. Ilgari amaliyotda kuzatilmagani sababli, mazkur tovar uchun tegishli sertifikatalarni olishda tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.
Uchrashuvda mazkur masalaga mas’ul mutaxassislar ham jalb qilinib, masala joyida hal qilindi.
Yana bir tadbirkor esa Xitoy davlatidan qurilish va neft-gaz sohasida ishlatiladigan maxsus transport vositalarini olib kelgan. U mazkur maxsus trasport vositalarini bojxona rasmiylashtirishda imtiyoz qo‘llash bo‘yicha murojaat qildi. Uning murojaati to‘liq qanoatlantirildi. Unga bojxona rasmiylashtiruvida 80 mlrd. so‘mdan ortiq imtiyozlar qo‘llanildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi yuzma-yuz do‘stona muloqotlar tadbirkorlarning murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topishiga, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirishga,qolaversa, soha rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA