Bojxonachilar kichkintoylarga quvonch ulashdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1950 yil Xalqaro demokratik kongress harakati va talabi natijasida 1 iyun sanasida bolalar huquqi va himoyasi uchun alohida qonun ishlab chiqilgan.
1989 yil Nyu-York shahridagi BMT Bosh Assambleyasining 1989 yil 20 noyabrdagi qarori bilan bolalar to‘g‘risidagi 54 moddani o‘z ichiga olgan Konvensiya qabul qilingan.
Mazkur hujjat bolalar huquqlarining qonuniy kafolati hisoblanadi. Shu bilan birga, hujjat butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini har tomonlama himoya qilish ta’minlangani bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston ham mazkur konvensiyaga 1992 yilda qo‘shilgan. Har yili 1 iyun butun dunyoda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 22 aprelda “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yurtimizda bolalarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, ularning huquqiy manfaatlarini himoyalash kafolatlangan.
Xalqimiz qadim-qadimdan bolajon millat sifatida e’tirof etiladi. Ikkinchi jahon urushida yetim qolgan qanchadan-qancha bolalarga g‘amxo‘rlik qilinishi, ularning ko‘pchiligini oilalar o‘z tashabbusi bilan asrab olganligi buning yorqin isboti. Kichkintoylar quvonchi, ularning beg‘ubor kelgusi nafaqat ota-onasi, balki dunyo quvonchi sifatida e’tirof etiladi.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bilan davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ham respublika bo‘ylab bolajonlar uchun bayramona tadbirlar tashkil etilmoqda.

Bayram tadbirida Davlat bojxona qo‘mitasida bojxona xodimlarining farzandlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil qilindi. Bu shunchaki tanishtiruv tadbiri bo‘lib qolmay, aksincha, bolajonlarga o‘z ijod va salohiyatlarini namoyon qilish imkonini ham berdi.

Qo‘mita hovlisidagi mo‘’jaz xiyobonda bir guruh bolajonlar rassomlik mahoratini ishga soldi. 5 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar chizgan suratlarda Vatan, ona tabiat va oila kabi tushunchalarning murg‘ak ifodasi namoyon bo‘ldi. Shuningdek, ular o‘rtasidagi jajji bouling musobaqasi ham qiziqarli o‘tdi. Shashka bellashuvlari bolajonlarning aqliy salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.

Bolajonlarga faxriy yorliq va sovg‘alarni Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, bojxona xizmati polkovnigi Otabek Choriyev topshirdi.
Shahnoza MAMATUROPOVA,
O‘zA muxbiri