Bojxonachilar investorlar bilan uchrashdi
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan xitoylik investorlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Prezidentimizning 2024 yil 4 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi kelishuvlarning ijrosini so‘zsiz ta’minlash va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xitoy investitsiya loyihalari asosida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida “FORIGHT GRANITE MINE” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etadigan 5 xil turdagi (oziq- ovqat pigmenti) mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi bajarilmoqda.

Kelgusi 2025 yilning dekabr oyiga qadar loyiha to‘liq ishga tushirilishi va buning natijasida 500 nafar yangi ishchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Muloqot chog‘ida bojxona organlari xodimlari ishbilarmon investorlarga belgilangan tartibda amaliy yordam berishga doimo tayyor ekani, ularning qonuniy faoliyati doimo qo‘llab-quvvatlanishi va loyihani amalga oshirishda bojxona sohasida hech qanday muammo yuzaga kelmasligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, texnologik asbob-uskunalarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan joriy qilingan imtiyozlar hamda qulayliklar xususida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari