Bojxonachilar 6 ming 940 quti noqonuniy sigaretni ushlab qoldi
Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan mamlakatimiz hududiga yirik miqdordagi aksiz markasisiz sigaret olib kirilayotganida qo‘lga tushdi.
Viloyat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bojxona postiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasini belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazdi.

Tekshiruv chog‘ida qonunbuzar haydovchi sigaret mahsulotini yuk avtotransport vositasi tirkamasining old qismidagi devor oralig‘iga maxsus xufiyona joy tayyorlab yashirgani ma’lum bo‘ldi. Yashirincha olib o‘tishga urinilgan 208 million so‘mlik aksiz markasiz 6 ming 940 quti tamaki mahsuloti vaqtincha saqlovga olindi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxonachilar tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri