Bojxona tizimida xalqaro hamkorlik
BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi delegatsiyasi a’zolari “Olot” chegara bojxona posti faoliyati bilan tanishdi.
Mehmonlar postning nazoratdan o‘tkazish punktlari, zamonaviy inspeksion ko‘rik majmuasi va uning ishlash tartibi, bojxona organlarida joriy etilgan “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi” ning afzalliklari bilan tanishtirildi.

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolarining Markaziy Osiyodagi chegara aloqalari idoralarining salohiyatini kuchaytirish orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash loyihasi doirasidagi UNODCning 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo davlatlari uchun tayyorlangan dasturin taqdimoti o‘tkazildi.

– Giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samarasini faqatgina narkotiklarni aniqlash bilan emas, balki insonlarning hayotini asrab qolish bilan baholashni istagan bo‘lar edim, –deydi loyiha doirasida so‘zga chiqqan BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Ashita Mittal xonim o‘z nutqida.

Shuningdek, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Janob Hatori Takashi o‘z nutqida Yaponiyaning soliq to‘lovlaridan tushgan mablag‘larni giyohvand moddalarga qarshi kurash maqsadida ishlatilayotganligidan faxrlanishini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishda Bojxona qo‘mitasi bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlikdan mamnun ekanligini qayt etdi.

Ma’lumot uchun, bojxona organlari va boshqa xizmatlar bilan hamkorlikda so‘nggi 1 yil mobaynida 900 kilodan ortiq narkotik moddalar savdosiga barham berildi. Jumladan, “Oybek” chegara bojxona posti orqali 245 kilogramm geroin, “Ayritom” chegara bojxona posti orqali “Anor sharbati” niqobi ostida 103,2 kilogramm metamfetaminni olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar bartaraf etildi.


BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postidagi rasmiy ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Ashita Mittal xonim hamda Bojxona qo‘mitasining Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qutlimuratovlar mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Zarif Komilov, O‘zA