Bojxona postlarida radiatsion holatlar tekshiriladi
Bekobod shahridagi “Farhod” hamda “Bekobod avto” chegara bojxona postlariga radiatsion portal monitori o‘rnatildi. Ochilish marosimida AQSH Energetika vazirligining Yadroviy kontrabandani aniqlash va oldini olish boshqarmasi vakillari, shahar hokimligi mas’ullari, viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari qatnashdi.
Tadbirda respublikamiz chegara bojxona postlarida monitor o‘rnatish hamda xodimlarning radiatsiya xavfsizligi borasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish haqida so‘z yuritildi. Ma’lumki, Prezidentimizning 2019 yil 13 sentyabrdagi “Ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishining oldini olish va yadroviy hamda boshqa radioaktiv moddalarning noqonuniy aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik sohasida hamkorlik bo‘yicha loyihani amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida aniqlanadigan maxsus yadroviy va boshqa radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanishini aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rish borasida muhim loyihalar belgilangan edi.




Bu borada Bekobod shahrida ham amaliy ishlar boshlandi. Bundan avval “Radiatsiya xavfsizligi” loyihasi doirasida respublikamizning “Ayritom”, “Yallama” va “G‘isht-ko‘prik” chegara bojxona postlari uchun umumiy qiymati 2,7 million dollar miqdoriga teng bo‘lgan radiatsion portal monitorlari o‘rnatilgandi. Uning maxsus tizimi sun’iy intellekt asosida bir vaqtning o‘zida minglab fuqarolarni nazoratdan o‘tkazgan holda radiatsion manbalarning guruhlari, ya’ni tabiiy, sanoat va yadroviy manbalar bo‘yicha aniqlaydi.



Shu bilan birga,bu monitorlar jarayonni kuzatib borgan holda nazorat olib boruvchi xodimlarga xabar berish kabi xususiyatlari bilan amaldagi tizimlardan tubdan farq qiladi. Bojxona xodimlari sinov davomida tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashib, mutaxassislarning bu boradagi tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri