Bojxona, kitob va tarix birlashgan sayohat
Bugungi kunda yosh avlodni bilimli, vatanparvar va keng dunyoqarashli insonlar etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘lda ularning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, turli kasblar bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz va boy tarixiy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ma’rifiy va kasbga yo‘naltiruvchi ekskursiya ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qildi.
Buxoro shahridagi 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun tashkil etilgan tadbir avvalida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O. Qodirov yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qildi.
Uchrashuv davomida mamlakat taraqqiyotida yoshlarning o‘rni, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashning ahamiyati, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar hamda bojxona organlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita rahbariyatdan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirning yana bir e’tiborli jihati shunda bo‘ldiki, uchrashuv yakunida o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, mutolaaga mehr uyg‘otish maqsadida ularga badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi. Bu esa yoshlarning ma’naviy kamolotini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar uchun “Buxoro xalqaro aeroporti” chegara bojxona postida amaliy tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi. O‘quvchilar bojxona nazorati hududidagi tartib-qoidalar, yo‘lovchilar va yuklarni rasmiylashtirish jarayonlari, zamonaviy texnik vositalardan foydalanish, shuningdek, bojxona xodimlarining mas’uliyatli va sharafli mehnati bilan yaqindan tanishdilar. Mutaxassislar tomonidan xizmat jarayonlari amaliy misollar orqali tushuntirilib, o‘quvchilarning qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob berildi.

Ekskursiyaning ma’rifiy qismi esa Buxoroning betakror tarixiy obidalaridan biri — Sitorai Mohi Xosa muzey-me’moriy majmuasida davom etdi. Buxoro amirlarining yozgi qarorgohi hisoblangan ushbu noyob maskanda o‘quvchilar milliy me’morchilik durdonalari, amirlik davri tarixi, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy meros va betakror san’at namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bir kunlik mazkur sayohat yoshlar uchun nafaqat qiziqarli ekskursiya, balki hayotiy saboqlarga boy bilim maktabiga aylandi. Ular davlat xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishib, kitobning inson hayotidagi o‘rnini yanada teran angladilar, shu bilan birga, yurtimizning boy tarixi va madaniy merosi haqidagi tasavvurlarini yanada mustahkamladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri