Bojxona boshqarmasida matbuot anjumani
Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda bojxona organlari tomonidan 2024 yil davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilinib, bojxona nazorati, kontrabanda va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
[gallery-22021]
--2024 yilda bojxona to‘lovlari va statistikasi yo‘nalishini olib qaraydigan bo‘lsak, viloyatda tovarlar tashqi savdosi jami 1 milliard 11 million 300 ming AQSH dollarini tashkil etdi, -- deydi boshqarmaning axborot xizmati rahbari Laylo G‘aniyeva. --Tovarlar eksporti 179,6 million AQSH dollari, importi esa 831,7 mln AQSH dollariga teng. Tovarlar jami 29 ta davlatga eksport qilinib, asosiy importyor davlatlar ichida Rossiya 62 foiz bilan yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, Turkiya, Xitoy, Eron, Belarus davlatlari ham yetakchi importyor davlatlar qatorida. Viloyatga tovarlar jami 49 ta davlatdan import qilingan bo‘lib, ular orasida Janubiy Koreya 44 foiz ulush bilan yetakchilik qilmoqda. Viloyatda import faoliyati bilan shug‘ullangan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining soni 654 tani tashkil etib, bir yilda 24 taga ko‘paydi. Yil davomida boshqarma bo‘yicha jami rasmiylashtirilgan 14 ming 391 ta bojxona yuk deklaratsiyasidan 2454 tasi yashil yo‘lakka, 8557 tasi sariq yo‘lakka va 3380 tasi qizil yo‘lakka yo‘naltirilgan.
Anjuman davomida, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur rejim mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyatlar yaratishi, xorijiy xomashyodan foydalanib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar tayyorlash va eksport salohiyatini oshirishga yordam berishi ta’kidlandi. Shuningdek, bu mexanizm orqali tadbirkorlar uchun imtiyoz va yengilliklar, tashqi savdoda qulayliklar yaratilishi xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, 2025 yil uchun rejalashtirilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Matbuot anjumani ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari