“Bog‘cha opa”man va bundan faxrlanaman
1 oktyabr –O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Shahnoza Jabborova 2018 yilda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng namunali tarbiyachi” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida birinchi, viloyat bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi.
2022 yilda tarbiyachilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Alla” kasbiy ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida “Eng bilimdon tarbiyachi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Shu yili u Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi loyiha muallifi” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Natijada o‘z yo‘nalishida oliy ta’limga grant asosida o‘qishga kirish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. U shu kunlarda Toshkent xalqaro Nordik univeritetining 2-kursida sirtdan tahsil olmoqda.
Ayni paytda u Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi vazifasida ishlab kelayotir.
– Bolaligimdan huquqshunos bo‘lishni orzu qilganman, – deydi Shahnoza Jabborova. –Lekin taqdir taqozosi bilan bu orzuim amalga oshmadi. Bir muncha vaqt maktabda yetakchi bo‘lib ishladim. Keyin maktabgacha ta’lim tashkilotiga ishga o‘tdim. Aslida bu yerda ishlash niyatim bo‘lmagan. Vaqtinchalik “bog‘cha opa” bo‘lib, keyin ko‘nglimga yoqadigan biror ish topib ketaman, deb o‘ylagandim. Ammo bolajonlarga mehrim tushib, o‘rnim shu yerda ekanligini anglab yetdim. Mana 6 yildirki, “Bog‘cha opa”man va bundan faxrlanaman.
Zarif Komilov, O‘zA