Bog‘ hududi chiqindilardan tozalandi
Andijonda “Hayot uchun joy ajrating!” shiori ostida ommaviy ploging ekologik aksiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan tashkil etilgan ommaviy aksiyada viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi faollari, qator tashkilotlar vakillari, “Yosh ekologlar” harakati a’zolari, shuningdek, ko‘ngilli talabalar va volontyorlar faol ishtirok etdi.
Ekoaksiyaning asosiy tadbirlari Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Aksiya ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyatda ona tabiatni asrab-avaylash, hududlarning tozaligini saqlash har bir fuqaroning burchi ekanligi, ushbu xayrli ishga barcha o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi ta’kidlandi.
– Ekoaksiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad hududlarni plastmassa, polietilen va boshqa chiqindilardan tozalash ishlarini amalga oshirish, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat kengashi raisi Xurshidbek Yusupov. – Qolaversa, aholining, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ona tabiatni asrab-avaylash, pokizaligini saqlashga qaratilgan ishlardagi faolligini, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishdan iborat.
[gallery-25384]
Ekoaksiya davomida tashkilotchilar, hamkor tashkilotlar vakillari, faol ko‘ngilli yoshlar tomonidan bog‘ hududi plastmassa, polietilen va boshqa turli chiqindilardan tozalandi. Yig‘ilgan chiqindilar maxsus chiqindi qabul qilish punktlariga topshirildi.
Aksiya doirasidagi ishlar tashkilotchilar tomonidan muvofiqlashtirilib, ishtirokchilar qo‘lqop, chiqindi solish uchun maxsus qoplar bilan ta’minlandi. Chiqindilarni tashish uchun esa texnika vositalari jalb etildi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning qator tuman va shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari