Boʻkalik yoshlar kubok sohibi
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida mini futbol boʻyicha “Ittifoq kubogi” musobaqasining Toshkent viloyati bosqichi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida mini futbol boʻyicha “Ittifoq kubogi” musobaqasining Toshkent viloyati bosqichi oʻtkazildi.
Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi tomonidan jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bellashuvda Boʻka tumanidagi 15-sonli va Chirchiq shahridagi 14-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻzaro kuch sinashdi.
– “Ittifoq kubogi” musobaqasi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida oʻtkazib kelinmoqda, – deydi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi boʻlim mudiri Gʻ.Ortiqov. – Shu bilan bir qatorda, oʻquvchilarning darsdan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, mehribonlik uylari oʻrtasida sport aloqalarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilmoqda.
Keskin bahslar ostida oʻtgan uchrashuvda boʻkalik yoshlarning qoʻli baland kelib, 8:2 hisobida gʻalaba qozondi va keyingi bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Endi ular joriy yil 10- va 11-mart kunlari Guliston shahrida boʻlib oʻtadigan musobaqaning viloyatlararo mintaqaviy bosqichida Jizzax, Sirdaryo va Toshkent shahri yoshlari bilan bahslashadi.