BMT yana bir masalada dunyo jamoatchiligini ogohlantirmoqda
Pandemiya dunyo bo‘yicha oziq-ovqat narxi oshishiga olib keldi.
Shu sababli rivojlanmagan mamlakatlar 2021 yilda oziq-ovqat inqiroziga duch kelishi mumkin. Bu haqda 2021 yilda BMTning oziq-ovqat tizimi masalasiga bag‘ishlangan sammitini uyushtirish bo‘yicha maxsus elchi Agnes Kalibati “Guardian” gazetasiga bergan intervyusida ta’kidladi.
"Oziq-ovqat mahsulotlari COVID-19 tufayli qimmatlashdi, ayrim joylarda esa yegulik sotib olishga odamlarning qurbi yetmayapti. Bu yil oziq-ovqat masalasi o‘tgan yilga qaraganda ancha keskinlashadi", - dedi maxsus elchi.
Kalibati pandemiya davrida, ayniqsa, bozorlar jiddiy ziyon ko‘rganini qayd etgan. Zero, hamma joyda karantin joriy qilingani bois, oziq-ovqat bozorlari yopildi. Bu fermerlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
Maxsus elchi Afrika mamlakatlariga e’tibor qaratarkan, shundog‘am narx ko‘tarilishi hamda tanqislik kuzatilishi ortidan qiyin ahvolga tushib qolgan Keniya, Somali va Efiopiya kabi mamlakatlar ahvoli bu yil kutilayotgan qurg‘oqchilik tufayli yanada murakkablashadi, dedi.
Xabarda ta’kidlanishicha, 2020 yil oziq-ovqat tizimi pandemiya tufayli yuzaga kelgan bosimni ko‘tara oldi, chunki, hukumatlar chegarani yopmaslik, tarif belgilamaslik bo‘yicha BMT bergan tavsiyalarni inobatga olishdi. Qolaversa, o‘tgan yili hosil ham mo‘l bo‘ldi. Faqat aholi to‘plagan mablag‘i, ko‘rsatilgan yordam pulini, mavjud oziq-ovqat zaxirasini,sarflab bo‘ldi. Endi kishilar hech qanday ko‘maksiz, inqiroz bilan yuzma-yuz qolmoqda.
"Bu yil iqtisodiy pasayish tufayli insoniyat yanada jiddiy tahdidga duch keladi. Bu holat butun dunyoda, hamma joyda kuzatiladi", - deydi Kalibati.
Darvoqe, 2020 yil iyul oyida e’lon qilingan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida COVID-19 tufayli oziq-ovqat inqirozi xavf solayotgan 27 mamlakat nomi keltirib o‘tilgan.