BMT XK doimiy bo‘lmagan yangi a’zolarini tasdiqladi
BMT Bosh assambleyasi Somali, Pokiston, Panama, Daniya va Gretsiyani 2025-2026 yillar uchun Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolari sifatida e’lon qildi.
Xavfsizlik Kengashi (XK)da har yili doimiy bo‘lmagan besh a’zo tarkibdan chiqarilib, yangi besh a’zo qabul qilinadi.
Har bir davlat saylanishi uchun Bosh Assambleyada uchdan ikki hissa ovoz zarur.
Bu yilgi da’vogarlardan faqat Somali bir martagina 1971-1972 yillar XK a’zosi bo‘lgan. Qolgan to‘rt mamlakat Kengashda ikki yoki ko‘proq muddat faoliyat ko‘rsatgan. Yaponiya, Ekvador, Shveysariya, Mozambik va Malta o‘rnini egaллайдиган mazkur beshlik vakolati 2025 yil 1 yanvar kuni boshlanib, 2026 yil 31 dekabrgacha davom etadi.
BMTning doimiy harakatdagi tuzilmasi – Xavfsizlik Kengashi zimmasiga xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash mas’uliyati yuklangan. Veto qo‘yish huquqiga ega 5 mamlakat – Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va Fransiya kengashning doimiy a’zosi hisoblanadi. Qolgan o‘n a’zo ikki yillik muddat bilan saylanadi. Ayni payt Yaponiya, Ekvador, Shveysariya, Mozambik va Malta 2023-2024 yillar uchun saylangan, Sloveniya, Jazoir, Serra-Leone, Janubiy Koreya va Gayana esa 2024-2025 yillarda a’zolik qiladi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda BMT XK geosiyosiy qarama-qarshilik kuchayishi asnosida murakkab davrni boshidan kechiryapti. Hozirgi vaziyatga Bosh kotib Antoniu Guterrish ham tarixdagi eng chuqur inqiroz, deya ta’rif bergan.
– Global tinchlik masalasini hal qilish uchun asosiy maydon hisoblanadigan BMT Xavfsizlik Kengashi hozir geosiyosiy qarama-qarshilik tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, – deydi Guterrish. – Bunday tarqoqlik ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, albatta. Binobarin, bu galgisi avvalgilaridan ancha keskin. Hozirgi disfunksiya chuqur va xavfli.
Uning aytishicha, “sovuq urush” vaqtida yo‘lga qo‘yilgan mexanizm qudratli davlatlar o‘rtasidagi munosabatni boshqarishga yordam bergan. Hozirgi ko‘p qutbli dunyoda esa bunday mexanizm kutilgan samarani bermaydi.
– Dunyo tartibsizlik davriga kirdi, – qo‘shimcha qiladi Bosh kotib. – Shunday natija ko‘ryapmiz-ki, to‘liq jazosizlik, xavfli va oldindan aytib bo‘lmaydigan tartibsizlik hukm surmoqda. O‘nlab yillar davomida yadroviy qurolsizlanish yo‘lidan borgan davlatlar endi yadro zaxirasini tezroq takomillashtirish uchun o‘zaro musobaqaga kirishgan. Hech qanday chegaraga amal qilinmayapti, potensial mojaro ko‘paymoqda, turfa yangi qurol ishlab chiqilmoqda. Insoniyat bir-birini o‘ldirish, yo‘q qilishning yangi yo‘llarini yaratishdan to‘xtamayapti.
S.Rahimov, O‘zA